Obama Jo Baydenning prezidentlikka nomzodini rasman qo'llab chiqdi

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq prezidenti Barak Obama Jo Baydenning Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodini qo’llab-quvvatlab chiqdi.

“Mamlakatga bilim va tajribaga, halollik va kamtarlikka, hamdardlik va inoyatga asoslangan rahbar kerak. Bunday rahbarlar nafaqat shtatlarga, balki Oq uyga ham kerak, Shuning uchun ham Jo Baydenning prezidentlikka nomzodini qo’llab-quvvatlayman”, - dedi Obama.

Dushanba kuni Baydenning asosiy raqibi senator Berni Sanders poygadan chiqqanini e’lon qildi.

“Barcha amerikaliklarni, barcha demokratlarni, barcha mustaqil saylovchilarni, barcha respublikachilarni birlashib, Baydenga ovoz berishga chaqiraman va men ham uning nomzodini qo’llab-quvvatlayman”, - dedi Sanders.

Atlantalik tahlilchi Andra Jillespi bu demokratlar birlashayotganidan nishona, deydi.

“Pandemiya paytida matbuot e’tiborini qozonish o’ta qiyin ekanini hisobga olganda bu juda muhim. Hozir namoyishlar ham qilib bo’lmaydi, matbuot uchun tadbirlar ham o’tkazib bo’lmaydi, biroq nomzodga bu kabi kafillik qilish asosan koronavirus muhokama etilayotgan paytda e’tibor qozonishga yordam beradi”, - deydi Emori universiteti siyosatshunosi.

Demokrat qonunchi Aleksandriya Okasio-Kortesning aytishicha, Bayden Sandersga ovoz beraman degan yoshlar va progressiv saylovchilarni o’ziga qaratishi kerak.

“Saylovchilarning Jo Baydenni ishtiyoq bilan qo’llab-quvvatlashiga turtki beruvchi ishlar qilishimiz kerak. Trampda, bizga yoqadimi u, yo’q, ana shunday serg’ayrat saylovchilar bor”, - deydi kongressmen ayol.

Pandemiya paytida nomzodlarda samarali tashviqot olib borishga imkon deyarli yo’q.

“Pandemiya tezroq tugasa, nomzodlar saylov shtabiga yordam berayotgan ko’ngillilar uyma-uy yurib, tashviqot ishlarini qayta jonlantirishi mumkin bo’ladi”, - deydi Andra Jillespi.

Ungacha esa nomzodlar ijtimoiy sahifalar orqali saylovchilar bilan bog’lanishga majbur.