Obama: "Islomiy davlat"ni yengish - birinchi darajali vazifa

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obamaning aytishicha, terrorizmga qarshi kurash, xususan, “Islomiy davlat” to’dasini yo’q qilish AQSh oldida turgan eng birinchi vazifadir.

Bu guruh, ma’lumki, Belgiyani larzaga solgan portlashlar uchun javobgarlikni o’z zimmasiga olgan.

Argentinaga tashrifi chog’ida Obama bu boradagi savollarga javob berdi. “Islomiy davlat”ni yoshlar miyasini zaharlayotgan vabo deya tasvirladi.

“Kun tartibida ularni mag’lub etishdan muhimroq vazifa yo’q. Gap buni qanday qilib amalga oshirishda. Vaziyatga moslashib, xatolardan o’rganib, yondashuvni o’zgartirib borayapmiz”, deydi AQSh rahbari.

Obama ayrimlar taklif qilayotganidek, Iroq va Suriya shaharlarini yoppasiga havodan bombardimon qilishga mutlaqo qarshi. Bunday taktika bilan “Islomiy davlat”ning yangi a’zolarni yollashini osonlashtirgan bo’lamiz, deydi prezident.

Ammo Oq uy uchun poygada qatnashayotgan respublikachi senator Ted Kruz aynan shunday yondashuvni ma’qul ko’radi. U, shuningdek, AQShda musulmonlar yashovchi mahallalarda kuzatuvni yo’lga qo’yish taklifini olg’a surmoqda.

Obamaga ko’ra, “Islomiy davlat” istehkomlari va moliyaviy tizimiga qarshi qaratilgan havo hujumlari hamda Iroq armiyasi bilan hamkorlik natija berayapti. Guruh nazoratidagi hududlarning 40 foizini qaytarib oldik, deydi AQSh rahbari.