Prezident Obama: Kongress davlat qarzi bo'yicha kelishdi

  • Amerika Ovozi

Barak Obama, Oq Uy, 31 iyul 2011

Amerika rahbari xalqqa murojaat qilib, Kongress a'zolari, respublikachilar va demokratlar, davlat qarzi bo'yicha kelishganini e'lon qildi.

Amaldagi qonun AQShga 14,3 trillion dollardan oshiq qarz olishga ruxsat bermaydi. Gap mana shu cheklovni o'zgartirish haqida ketmoqda, ya'ni uni oshirish.

Hozirda, deydi prezident Barak Obama, qonunchilar muhokamasidagi yangi loyiha mamlakat xarajatlarini kelasi 10 yil ichida bir trillion dollarga kamaytirishni ko'zlaydi.

Bunga qanday erishish borasida tomonlar turlicha pozitsiyada. Respublikachilar soliqlarni oshirishga qarshi, demokratlar esa ijtimoiy himoyani kesishga.

Kapitoliy, Amerika qonunchilik organi Kongress binosi

"Lekin Amerika moliyaviy muammolarni hal etish uchun barcha omillarni hisobga olishga majburmiz", - deya eslatadi prezident. Daromad xarajatdan yuqori.

Yangi kelishuv bugun, dushanba kuni, Kongressning har ikki palatasida ovozga qo'yiladi.

Demokratlar ustuvor Senatdan silliq o’tishi kutilmoqda. Biroq respublikachilar ko’pchilikni tashkil etgan Vakillar Palatasida bitimdan norozilar kam emas.

“Demokrat va respublikachi qonunchilar hozir til topishishi har qachongidan muhim”, - deydi Senatda demokratlar sardori Garri Rid.

“Erishilgan bitim har bir respublikachini xursand qilishi gumon. Demokratlar orasida ham qarshilar bor. Lekin murosaning mohiyati ham ana shunda. Sizdan ugina, bizdan bugina”, - deydi Garri Rid.

2-avgust - qarz miqdorini oshirish uchun oxirgi kun. Qonunchilar yo'q desa, Amerika moliyaviy tizimiga og'ir tushishi, millionlab odamlarning kredit foizlari o'sishi mumkin.

Amerika chet eldan olgan har bir dollarini o'z vaqtida, foizi bilan to'lab kelgan va iqtisodiy jihatdan hamon eng katta kuchga ega davlat.

Oq Uyning bildirishicha, kelishuv sharofati bilan qarz masalasini 2013-yilga qadar eslamasa bo’ladi. Ya’ni kelasi yilgi prezident saylovlarida mavzu yuzasidan siyosiy o’yinlar kuzatilmaydi.

Dastlabki murosa ketidan bugun Amerika, Yevropa va Osiyo qimmatbaho qog’ozlar bozori jonlangan. AQSh dollari qaddini rostlab, oltin bahosi tushgan.