Obama Kongressdan iqtisodiyotda dadil qadam kutmoqda

Prezident Obama

Prezident Barak Obama shtatma-shtat kezib, aholiga iqtisodiy tiklanish dasturini tushuntirishga harakat qilmoqda. Ipoteka bozori kuchayib, yangi ish o’rinlari yaratila borar ekan, prezident muxolifatni ishni paysalga solayotganlikda ayblamoqda. Uning aytishicha, siyosiy o’yinlar va daromadlar o’rtasidagi farqning kuchayib borayotgani amerikacha hayot uslubiga tahdid solmoqda. .

Barak Obama 2009-yilda prezidentlikka kirishganidan beri har oy o’rtacha 700 ming odam ishidan ayrilayotgan edi. Ipoteka bozori inqirozga uchrab, aksiyalar bahosi tusha boshladi, yil oxiriga borib esa ishsizlik sur’ati 10 foizga yetdi.

Endi 2013-yildagi vaziyatga nazar tashlaymiz. Uylar narxi oshmoqda, qimmatbaho qog’ozlar bozori ham chaqqon, kompaniyalar har oy o’rtacha 200 ming xizmatchini ishga yollamoqda.

"Hammasini qo’shib hisoblasak, so’nggi 40 oyda 7,2 million odam ishli bo’ldi. Bu yili xususiy sektorda 1999-yildan beri eng ko’p ish o’rinlari yaratilishi kutilmoqda", - dedi u.

Biroq ishga yollash sur’ati yuqori bo’lgani bilan salkam 12 million amerikalik hali ham ishsiz. Ishga joylanganlar esa kamroq soat ishlab, ozroq pul topmoqda. Bu o’rtada kompaniya rahbarlarining maoshlari keskin oshgan.

"Bunday tengsizlik nafaqat ma’naviy tomondan noto’g’ri, balki iqtisodiyot uchun zararli hamdir. Chunki o’rta sinf oilalar kam xarajat qilsa, bizneslarda mijoz kamayadi", - dedi Obama.

Tahlilchilarga ko’ra, prezidentning iqtisodiyot bilan qattiq shug’ullanayotgani Kongressni dadil harakatga majbur qilishga qaratilgan bo’lishi mumkin. Obama qonunchilardan soliq kodeksini isloh qilishni, infratuzilma uchun mablag’larni oshirishni, eng kam ish haqini ko’tarishni, sog’liqni saqlash tizimiga doir islohotlar ijrosini boshlashni kutmoqda.

Biroq Vashingtondagi hozirgi siyosiy muhitni hisobga olganda prezident va Kongress kelisha olmasligi aniq.

Ayrimlar nazarida tomonlarning soliq to’lovchilar sonini oshirish masalasida hamfikr ekani respublikachilar va demokratlarni birlashtirishga yaxshi omil bo’la oladi. Shu sababdan, deydi tahlilchi Stiv Bell, immigratsion islohot juda muhim.

"Agar tizimni yaxshi yo’lga solmasak, hozirgi dasturlarni moliyalash uchun zarur mablag’ni soliq sifatida to’lovchi yetarli miqdorda ishchilar bo’lmasligi mumkin", - deydi ekspert.

AQShda iqtisodiy o’sishga boshqa omillar ham salbiy ta’sir qilishi mumkin. Masalan, Xitoy iqtisodiyotining sekinlashayotgani, Yevropaning ayrim joylarida hali ham davom etayotgan krizis.

AQShda o’tkazilgan so’nggi so’rov natijasiga ko’ra, foiz stavkasining oshib borayotgani hamda davlatning qarz olish maksimumini oshirish bo’yicha Kongressdagi byudjet munozaralari mehnat bozoriga salbiy ta’sir qilishi kutilmoqda.