AQSh Prezidenti Barak Obama 21-noyabr kuni Las-Vegasdan turib, immigratsiya tizimi islohotiga doir qarorini e'lon qildi.
Kongressdagi respublikachilar rejaga ovoz berishdan bosh tortavergach, Obama maxsus farmoni bilan noqonuniy muhojirlarning deportatsiya qilinishiga to'siq qo'ydi. Farmon besh million shunday immigrantlarga ishlash uchun ruxsat beradi. Farzandlari Amerikada tug'ilgan va AQSh fuqarolari bilan turmush qurgan noqonuniy muhojirlar shular jumlasidan.
Prezident 2012-yilda imzolagan farmonini kengaytirib, Amerikaga bolaligida kelgan muhojirlarni ham himoyaga olayapti. Biroq ularning ota-onalari mamlakatiga deportatsiya qilinishi mumkin.
Qonun himoyasiga olingan hujjatsiz immigrantlar davlatdan imtiyoz va yordam hamda bepul tibbiy sug'urta ololmaydi.
Obama kecha o'z siyosatini televideniye orqali xalqqa tushuntirdi.
"Agar Amerikada besh yildan ortiq bo'lgan bo'lsangiz, agar farzandlaringiz Amerikada tug'ilgan bo'lsa yoki grin kartasi bo'lsa, agar ro'yxatga olinib, jinoyatga qo'l urmaganingiz aniqlansa, soliqlarni to'lashga rozi bo'lsangiz, mamlakatda vaqtincha qolishga hujjat topshirsangiz bo'ladi deportatsiyadan qo'rqmasdan. Soyadan chiqib, qonuniy ish qiling", - dedi Obama.
Chora olti oyda kuchga kiradi va mamlakatga noqonuniy kirgan 4,7 million muhojirga vaqtincha ishlash uchun hujjat beriladi.
Respublikachi qonunchilar prezidentning bu qarorini tanqid qilib, uni vakolatini suiiste'mol qilayotganlikda ayblamoqda. Ularning aytishicha, bu bilan Obama yanada ko'proq odamlarning noqonuniy yo'l bilan Amerikaga kirishini rag'batlantirmoqda. Ayrim qonunchilar rejaga qarshi kurashishini bildirdi.
Vakillar palatasi spikeri Jon Beynerning aytishicha, Obamaning prezidentligi qonunga bo'lgan hurmatsizlik sifatida esda qoladi va kelajakda uning yangi Kongress bilan hamkorlik qilishiga umid yo'qolmoqda.
"Prezident o'zini qirolday, imperatorday tutmoqda", - deydi Beyner.
Obamaga ko'ra, uning harakati qonuniy, chunki yillar davomida ham demokrat ham respublikachi prezidentlar shunga o'xshash farmonlar qabul qilib kelgan.
"Immigratsiya tizimimizni yaxshilash yo'lidagi vakolatlarimni, Kongress uddalay olmagan masalada tashabbusni qo'lga olish qarorimni savol ostiga qo'yayotgan qonunchilarga gapim shu: qonun qabul qiling. Men har ikki partiya vakillari bilan doimiy qonun qabul qilish yo'lida hamkorlikka tayyorman", - dedi Obama.
Demokratlar ustun Senat loyihani qabul qilganiga bir yildan oshdi. Uni Senatdagi har ikki partiya vakillari qo'llab-quvvatladi. Ammo respublikachilar nazoratidagi Vakillar palatasi hujjatni ovozga qo'yishni paysalga solib keldi. Noyabr oyidagi saylovlardan so'ng respublikachilar har ikki palatada ustunlikni qo'lga kiritgach, Kongress bilan bu masalada til topishish yanada qiyinlashdi.
Respublikachilar qanday qilib prezident farmoniga qarshi turishi hozircha ma'lum emas. Ayrimlar hukumat ishini to'xtatishga do'q-po'pisa qilmoqda, boshqalar reja uchun pulni muzlatib qo'ymoqchi.
Prezidentning qarorini sudga oshirish taklifi ham bor, ammo huquqshunoslarga ko'ra, davlat rahbarlari bungacha ham shunday qarorlar qabul qilgan.