Obama: Eronni yadro quroli yo'lidan qaytarishning yagona yo'li - diplomatiya

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama

AQSh Prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Eronni yadro qurolini yaratish yo'lidan qaytarishning yagona yo'li bu urush emas, diplomatiyadir. Obama bu haqda Isroil televideniyesining 2-kanaliga bergan intervyusida aytdi.

"Men dalillar va tahlillar asosida shuni aytishim mumkinki, agar qattiq talablarni va nazorat mexanizmini o'z ichiga olgan bitimga erisholsak, Eronda yadro qurollari bo'lmaydi", - dedi Obama.

Uning aytishicha, masalani harbiy yo'l bilan hal etib bo'lmaydi. Harbiy harakatlarda Qo'shma Shtatlar qatnashsa ham, bu faqat vaqtincha yechim bo'lishi mumkin, Eron atom dasturini vaqtincha to'xtatishi mumkin, xolos.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Eron bilan kechayotgan xalqaro muzokaralarni tanqid qilib keladi. Unga ko'ra, Eronga qo'yilgan sanksiyalar bekor qilinsa, u moliyaviy ahvolini yaxshilab, bomba tayyorlash salohiyatini tiklab oladi.

Obamaning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Isroil xavotirlarini tushunadi.

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, agar yakuniy hujjat Eron harbiy inshootlari inspeksiyasiga ruxsat bermasa, Obama uni imzolamaydi.

Eron oliy diniy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy xalqaro inspektorlarga bunday vakolat berilmasligini aytadi.

Ernestning aytishicha, aprel oyida erishilgan dastlabki bitimda Eronning inspektorlar bilan hamkorlik qilishiga roziligi muhrlangan.

"Harbiy inshootlarda yadro dasturiga ega boshqa davlatlarda ham nazoratlar o'tkazilib turiladi", - dedi Oq uy vakili.