Obama Amerika universitetidagi nutqida Eron bitimini himoya qildi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Amerika universitetida so'zlamoqda, 5-avgust, 2015-yil

Prezident Barak Obama Vashingtondagi Amerika universitetida ma'ruza qilib, Eron bilan imzolangan yadro bitimini himoya qildi. Uning aytishicha, shartnoma Eronni yadro qurolini yaratish imkoniyatidan mahrum qiladi.

Obama bitimni tanqid qilayotgan qonunchilarni kelasi oy unga ovoz berishga chaqirdi.

Bitim kuchga kirsa, Eron yadro dasturi cheklanib, bu mamlakatga qo'yilgan iqtisodiy sanksiyalar olib tashlanadi.

Kelishuv tanqidchilariga ko'ra, Eron bitim shartlarini bajarishini nazorat qilish mexanizmi zaif ishlangan.

Biroq Obama nazarida bu yadro qurollari tarqalishining oldini olishga qaratilgan puxta hujjatdir.

Kongressdagi munozaralarning qizg'in kechishi bashorat qilinmoqda. Obamaga ko'ra, 2002-yilda Iroqda urush boshlashga ovoz bergan qonunchilar bugun Eron bilan kelishilgan bitimga qarshi chiqmoqda. Prezidentning tan olishicha, Iroqni xato razvedka ma'lumotlari asosida bosib olish to'g'ri ish bo'lmagan.

Eron yadro bitimi tanqidchilari hujjatning ishlashiga imkon bersin, uni amalda ko'rsin, deydi Obama.

Unga ko'ra, agar Kongress bitimni rad etsa, Tehronning yadroviy faoliyati nazoratsiz qoladi va atom bombasi ustida ish tezlashi mumkin.

Obama 1960-yillarda AQShning Sovet Ittifoqi bilan yadroviy sinovlarni cheklashga qaratilgan diplomatik muzokaralarini eslatib, natijada qator xalqaro bitimlar imzolanganini eslatdi.