Obama ma’muriyati Isroil hujumidan afsusda

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama G’azo tevaragidagi vaziyatdan xavotirda. "Isroil harbiylarining gumanitar karvonga hujumidan afsusdamiz", deydi u.

Prezident Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan telefonda gaplashib, seshanba kuni Vashingtonda rejalangan uchrashuvni bekor qilgan. Kanadaga rasmiy tashrif bilan borgan Netanyaxu Isroilga qaytgan.

Netanyaxu "to'qnashuvdan va odamlar o'lganidan qayg'udamiz, ammo harbiylar o'z ishini qilgan", deydi.

Isroil rasmiysi Mark Regevning aytishicha, kema bortida qurollangan shaxslar bo'lib, ular yahudiy askarlar bilan o'q almashgan. Biroq gumanitar karvon uchun mas'ul bo'lgan "Erkin G'azo" harakati nazarida Isroil oddiy odamlarga hujum qilgan. Kemadagi faollarning zo'rlik-yomonlik qilish niyati bo'lmagan, deydi harakat a'zolari.

Qo’shma Shtatlar Isroil va Falastin o’rtasida tinchlik muloqotini tiklashga urinib keladi. Ammo tomonlar murosaga ko’nmayapti. Bugungi to’qnashuv natijasida munosabatlar yanada keskin tus olgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi Isroil hujumi va bir necha faolning o’limi yuzasidan bugun favqulodda majlis o’tkazmoqda.

Gumanitar yuk ortilgan, sakkiz kemadan iborat flotiliya bugun G’azoga, Isroil blokadasida yashayotgan sektorga yaqinlashgan va yahudiy davlati askarlari tomonidan to’xtatilgan.

Karvonga Turkiya kemalari yetakchilik qilgan va rasmiy Anqara “bu - terror xurujidir” demoqda. Flotiliya 10 ming tonna insonparvarlik yordami va 600 faolni G’azoga olib ketayotgan bo’lgan.

Isroil harbiy dengiz kuchlari “sektorga yaqinlashmang” deya karvonni ogohlantirgan.