AQSh prezidenti Barak Obama bu mamlakat jurnalisti Jeyms Foli "Iroq va Shom islomiy davlati" nomli guruh tomonidan vahshiylarcha o'ldirilgani dunyoni dahshatga soldi deydi.
Prezident bugun jurnalistning oilasi bilan so'zlashgan. Ularga hamdardlik bildirib, noinsoniy harakatlari bilan tanilgan to'da bu ishi uchun albatta jazolanadi deb aytgan.
"Iroq va Shom islomiy davlati" tarqatgan videosida Foli Amerikaning Iroqdagi qilmishlari uchun o'ldirilmoqda degan. Havo hujumlari to'xtamas ekan, garovdagi boshqa odamlar ham qatl etiladi deya ogohlantirgan.
Obama deydiki, terroristlar bunday do'q-po'pisa bilan biror maqsadiga yeta olmaydi. Naqadar vahshiy, insoniyat manfaatlari uchun xizmat qilmayotgan yovuz bir kuch ekanini isbotlaydi xolos.
Siyosiy tahlilchilar nazarida Jeyms Folining qatl etilishi "Iroq va Shom islomiy davlati" ning Amerikaga qarshi bevosita birinchi terror xurujidir.
Jurnalist qanday o'ldirilganini aks ettiruvchi video kecha qo'yilgan va oradan ko'p o'tmay "YouTube" uni olib tashlagan.
"Jeyms Foli qotillaridan tubdan farq qilgan inson", - dedi Obama Massachussetts shtatidan turib gapirar ekan.
Besh farzanddan biri, umrini dunyoning qaynoq nuqtalarida axborot yig'ib, ommani ogoh etishga bag'ishlagan inson 40 yoshida beshafqat odamlar tomonidan yo'q qilindi, deydi prezident.
"Iroq va Shom islomiy davlati" shahar va qishloqlarni vayron qilib, begunoh odamlarni qirayotgan harakat. Qon to'kib nom qozongan mash'um to'da".
"Iroq va Shom islomiy davlati", deydi Obama, biror dinni aks ettirmaydi. "Asosan musulmonlarning qonini ichayotgan guruh u".
"Biror din qatliomni targ'ib qilmaydi. Xudo ularning kechagi yoki har kuni qilayotgan qilmishini yoqlamaydi".
AQSh hukumati jangarilar qo'ygan video asl tasvir ekanini tasdiqlagan. Jurnalistning oilasi ham haqiqatni tan olib, motamda.
Jeyms Foli 2012-yilning noyabr oyida Suriyada bedarak ketgan edi. Jurnalistning yaqinlari marhumni begunoh qurbon deya atab, Amerika siyosati uchun uni ayblash asossiz va mantiqsiz ekanini ta'kidlaydi.
"O'g'lim Suriya xalqining urushda chekayotgan azobini dunyo e'tiboriga olib chiqqan, uning iztirobini yoritgan. U bilan juda faxrlanamiz", - deya yozadi Dayan Foli, jurnalistning onasi.
Jangarilar garovdagi boshqa odamlarni qo'yib yuborishi kerak, chunki ularda ayb yo'q, deydi u.
Ayni damda jangarilar qo'lida yana bir amerikalik jurnalist Stiven Sotloff borligi ma'lum.
Folining bo'yniga pichoq tortgan odam ingliz tilini Britaniyaga xos aksentda gapiradi. Bu esa qirollikda o'ziga xos qiziqish va shov-shuv uyg'otgan. Britaniya rasmiylari qotilning kim ekanini aniqlashga urinmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun qotillikni aql bovar qilmas jinoyat deb atagan.
Amerika havo kuchlari Iroqda terroristlarga qarshi hujumlarga zo'r bermoqda. O'tgan 24 soat ichida o'nlab joy nishonga olingan. Kurd jangchilari va Iroq armiyasi bilan hamkorlikda qator shahar va qishloqlar jihodchilardan tortib olingan.
Fransiya prezidenti Fransua Olland fikricha "Iroq va Shom islomiy davlati" qurol va mablag'ni qayerdan olayotganiga e'tiborni oshirib, unga qarshi xalqaro yechim bilan chiqish lozim.
2001-yilning 11-sentabrida AQShga qilingan terror xurujlaridan beri ilk bor dunyo yana shu qadar katta ko'lamdagi xavf bilan yuzlashmoqda. Dunyo ahli bir yoqadan bosh chiqarishi kerak, birgalikda chora ko'rish zarur, deydi u.
Fransiya Iroqqa harbiy yordamni oshirmoqda, xususan shimoldagi kurd jangchilariga.
Your browser doesn’t support HTML5