Obama: AQSh Yaponiyani himoya qilish majburiyatini olgan

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama va Yaponiya bosh vaziri Shinzo Abe matbuot anjumani paytida, Tokio, 24-aprel, 2014-yil

Osiyoning to’rt mamlakati bo’ylab sakkiz kunlik safarini Yaponiyadan boshlagan prezident Barak Obama bu mamlakat bosh vaziri Shinzo Abe bilan uchrashdi.

Obamaga ko’ra, Qo’shma Shtatlar va Yaponiya o’rtasidagi bitimga ko’ra, Xitoy talash orollar ustidan Yaponiya bilan urush qilsa, AQSh Tokioni mudofaa qilishga majbur bo’ladi.

"Yaponiyaning xavfsizligini o’z zimmamizga olganmiz va bitimga ko’ra, uning barcha hududlarini, jumladan Senkaku orollarini ham himoya qilishga so’z berganmiz", - dedi Obama.

Xitoy Sharqiy Xitoy dengizidagi bu orollarni Diaoyu deb ataydi. Shu bilan birga, dedi Obama, AQSh orollarni kim boshqarishi kerakligi ustida kechayotgan munozarada hech bir tomonning yonini olmaydi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Obamaning bu so’zlarini izohlar ekan, Xitoy orollarni o’zining ajralmas hududi deb bilishini ta’kidladi.

“O’z suverenitetimiz va dengizdagi huquqlarimizni himoya qilishga shaymiz”, - dedi rasmiy.

Bugun Obama Tokioda Yaponiya imperatori Akixito bilan ham uchrashdi.

AQSh rahbari Yaponiyadan so’ng Janubiy Koreya, Malayziya va Filippinda ham bo’ladi.