Keniyaliklar Barak Obamaning tashrif buyurishini kutmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Prezidenti Barak Obama shu oy oxirida Keniyaga safar qilmoqda. Bu mamlakatda AQSh rahbarining otasi tug'ilib o'sgan. O'lkaga Obama prezident sifatida ilk bor tashrif buyurmoqda. "Amerika Ovozi" davlat rahbarining qarindoshlari yashagan g'arbiy viloyatga tashrif buyurib, mahalliy aholi bilan suhbatlashdi.

Obamaning otasi G'arbiy Keniyadagi Kogelo qishlog'ida tug'ilgan. Bir paytlar xaroba bo'lgan bu joyda bugun elektr energiyasi, asfalt yo'l va maktablar bor.

Obama 10 yil avval senator bo'lib saylanganida, qishloq ilk bor boshqalar nazariga tushdi.

Shundan beri qishloq kengaydi, bu yerdagi maktabga Obamaning nomi berildi. Hatto maktab joylashgan hududning bir qismi Obamalar oilasiga qarashli.

Senator Barak Obama maktabi o'qituvchisi Manase Oyuchoning aytishicha, bu yerda o'qiyotgan bolalarning kelajakdan umidlari katta.

"Bolalar universitetda o'qib, yetakchi bo'lishni, turli sohalarga bosh-qosh bo'lishni xohlashadi. Ular ta'limning kuch ekaniga ishonishadi", - deydi u.

O'tgan 10 yil ichida maktab o'quvchilari soni ikki barobar ko'paydi.

Vesli Onyango Obamaning aytishicha, prezident nomining berilgani bois qishloqqa boshqa hududlardan qiziqish ortgan va yangi yo'llar qurilgan.

"Biror narsa sotmoqchi bo'lsam, Kisimu, Ndori yoki Luanda bozorlariga osonlikcha bora olaman. Ilgari bu azob edi", - deydi u.

Duradgor Jorj Ogolla butun dunyodan kelayotgan sayyohlar soni ham oshganini aytadi.

"Bizga kelayotgan odamlar soni ko'paydi. Chunki prezident shu yerlik. Bu narsa odamlarni xursand qiladi. Ular bu yerda yuz berayotgan hamma narsadan mamnun", - deydi u.

Prezident Obama Keniyaga tashrif buyurishi kutilar ekan, odamlar uning Kogela qishlog'iga ham kelishidan umidvor.