Prezident Barak Obama bu hafta Estoniya va Uelsda bo’lib, safardan bosh maqsad NATOga a’zo davlatlar rahbarlari sammitida ishtirok etish. Anjuman kun tartibidagi asosiy masalalar – Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari va Iroqdagi vaziyat.
Rossiyaning Qrimni mart oyida o’ziga qo’shib olishi Boltiqbo’yi davlatlarini xavotirga solgach, aprelda Qo’shma Shtatlar mintaqadagi har bir mamlakatga oz sonli qo’shinlarini yuborib, ularning xavfsizligiga befarq emasligini namoyish etdi. Obamaning NATOga a’zo davlatlardan biriga safari AQShning bu siyosatini yana bir bor eslatishga qaratilgan.
"Men estoniyaliklar ular bilan imzolagan bitimlarimiz shartlariga sodiq ekanimizni bilishlarini istayman", - dedi Obama.
Yevropa Ittifoqi va AQSh Rossiyani Ukrainaga qo’shin yuborganlikda ayblar ekan, ayrim kuzatuvchilar nazarida Obamaning Estoniyaga safari katta ahamiyatga ega. Bu respublikada ham Ukraina kabi ko’plab ruslar yashaydi. Bu esa estonlarni asabiylashtirmoqda.
AQSh davlat kotibining sobiq muovini Xezer Konlining aytishicha, Boltiq davlatlari agar boshlariga musibat tushsa, NATO yordamga kelarmikan deya doim xavotir olgan.
"Bu mamlakatlarga AQSh askarlarini, harbiy texnikasini yuborib, nafaqat gap bilan, balki amalda ham ular bilan birdam ekanimiz ayondir", - deydi Konli.
Biroq NATO ham amalda a’zosini himoya qilish majburiyatiga sodiqmi? Yevropa mamlakatlari o’z mudofaa byudjetini kesar ekan, alyans vazifalarini bajarish uchun harbiy uskuna va askar bilan ta’minlash asosan AQShning zimmasiga tushmoqda.
Uelsdagi sammitda Prezident Obama a’zo davlatlarni faol bo’lishga chaqirishi kutilmoqda.
"NATOning bu galgi majlisi shunisi bilan ahamiyatliki, unda blokning muhim vazifasiga urg’u beriladi va har bir mamlakatdan o’z bo’yniga olgan majburiyatini bajarish so’raladi", - deydi Obama.
AQSh rasmiylariga ko’ra, Ukrainadagi vaziyat alyans a’zolarini hushiga keltirib, ular tashkilotdagi moliyaviy hissasini oshirish lozimligini anglab yetishi kerak.
Alyansning 2012-yilda Chikagoda o’tgan sammitida Afg’oniston masalasi muhim bo’lib, Rossiya terrorizm, ommaviy qirg’in qurollari tarqalishining oldini olish mavzularida hamkor edi.
NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmusenning aytishicha, tashkilot dunyodagi o’zgarishlarni hisobga olishi lozim.
"Rossiya bizni raqib deb bilmoqda va biz shunga qarab ish tutishimiz kerak", - deydi Rasmussen.
Bu esa Rossiya atrofidagi a’zo davlatlarda NATO harbiy qudratini oshirish va Rossiyaning kutilmagan hujumiga javob berishga tayyor turish kerak degani. Biroq alyansning aynan shu siyosati, deydi rossiyalik siyosatchilar, NATOga raqib sifatida qarashga majbur qilmoqda.