Obama: Pokiston - muhim strategik hamkorimiz

  • Amerika Ovozi

“Ishonamizki, Pokiston xavfsiz va farovon yashasa, bundan nafaqat shu davlat, balki mintaqaga ham, dunyoga ham birday foyda”, - dedi prezident Obama bosh vazir Navoz Sharifni qabul qilar ekan.

Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif kecha Oq uyda prezident Obama qabulida bo’ldi. Ikkisi AQShning uchuvchisiz samolyotlari hujumlari atrofidagi bahs, xalqaro koalitsiya Afg’onistondan ketgach, Pokistonning mintaqadagi roli va boshqa masalalar haqida fikr almashdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Obama: Pokiston - muhim strategik hamkorimiz/Nasiba Tohir


Kecha Navoz Sharif bilan uchrashuv ketidan prezident Obama bayonot berib, Qo’shma Shtatlar uchun Pokiston Janubiy Osiyodagi muhim strategik hamkor ekanini ta’kidladi.

“Ishonamizki, Pokiston xavfsiz va farovon yashasa, bundan nafaqat shu davlat, balki mintaqaga ham, dunyoga ham birday foyda”, - dedi Obama.

Prezident Pokistonning iqtisodiy taraqqiyot dasturini olqishlab, AQSh qo’llab-quvvatlovini va’da qildi.

“Amerika energetika, infratuzilma bilan bog’liq loyihalarda yordam berishi mumkin. Mana shu haqda gaplashdik bosh vazir bilan. Navoz Sharif boshlagan islohotlar maqtovga loyiq. Bular oson tashabbuslar emas, ammo kelgusida Pokiston iqtisodiyotini oyoqqa turg’izishi muqarrar. Bosh vazir iqtisodning dvigateli sanalmish savdo masalasini ham ko’tardi”, - dedi Obama.

2011-yilda AQSh maxsus kuchlari Pokistonda reyd o’tkazib, Osama bin Ladenni o’ldirgani va o’tgan yili afg’on chegarasida AQSh havo hujumida pokistonlik o’nlab zobitlar o’lgani ketidan ikki davlat orasi g’oyat sovuqlashgan. O'sha vaqtlar chamasi Islomobod Afg'onistonga yetaklovchi NATO yuk ta'minoti yo'lini ham vaqtincha to'sib qo'ydi.

Pokiston Amerikaning pilotsiz samolyotlaridan ham bezigan. Dronlar deya atalmish bu vositalar terrorchilarni nishonga oladi, ammo tinch aholi ham talofat ko’rmoqda. Navoz Sharif Obama bilan uchrashuv paytida bu hujumlarni bas qilishni so’ragan. Biroq taraflar masalani yuzaki tegib o’tgan, xolos.

“Avval bo’lgani kabi Qo’shma Shtatlar bilan barqaror, yakdil va osuda Afg’onistonni qurishda birga ishlashda davom etamiz. Prezident Obamaga qo’shnimiz Hindiston bilan do’stona va samimiy aloqalarni yo’lga qo’yish niyatimni bildirdim. Kashmir bilan aloqador tortishuvlarni murosa bilan hal qilish qarorimiz qat’iy”, - dedi Navoz Sharif.

Xalqaro koalitsiya kelasi yili Afg’onistonni tark etishi kutilayapti. Toliblar yana bosh ko’taradi, Pokiston bilan chegaradosh hududlar ham jangarilar nazoratiga o’tadi, degan vahima kuchli.

Navoz Sharif vatanida terrorizmga qarshi kurashga sodiq. Ammo qabilaviy hududlar hukumatga bo’ysunmasligi sir emas.

Obama ma’muriyati bu orada uchuvchisiz samolyotlardan foydalanishda davom etmoqchi. Terrorchilar o’choqlarini yo’q qilishda eng samarali vosita bu, deydi AQSh rasmiylari. Huquq tashkilotlari dronlar tinch aholiga jabr qilayotganidan norozi. Oq uy esa bu samolyotlar aksincha, tinch fuqaro orasida talofatlarni kamaytirishga qaratilgan, deya javob qiladi.