Barak Obama Kongress va uni saylagan xalqqa yillik hisobot berdi

Kongress, Vashington, 28-yanvar, 2014

Har yil boshida Amerika rahbari xalqqa davlatning bugungi ahvoli haqida Kongress huzurida hisobot beradi (video matn quyida). Qonun buni talab qilmaydi, lekin prezidentlar uchun azaliy an'ana.

AN'ANA

AQShni 1913-1921 yillarda boshqargan, demokrat Vudro Vilson (Woodrow Wilson) bu odatni boshlab bergan. Maqsad nafaqat hisobot berish, balki yangi yilda Oq uy uchun qay masalalar eng dolzarb ekanini Kongressning ikki palatasiga bayon etish. Prezident nutqidan keyin muxolifat munosabat bildiradi.

Vaziyat qanday bo'lishidan qat'i nazar, 1980-yillarda prezidentlik qilgan respublikachi Ronald Reygandan beri har bir prezident, konservator yoki liberal, o'z ma'ruzasini "Davlatimiz bugun kuchli va barkamol..." deya boshlagan, chunki bu murojaatlar orqali mamlakat rahbari xalqqa ilhom va umid berishga intiladi. Va'dalar beriladi bu sahnadan turib.

Yillik hisobot oldidan olib borilgan ommaviy so'rovlarda aksariyat amerikaliklar prezident o'tgan yili bergan va'dalarini bajarmaganini aytib noliydi. Biroq bu nutq millionlab fuqarolar tomonidan har safar diqqat bilan tinglanadi va muhokama qilinadi.

Ko'plab amerikaliklar prezident Jerald Fordning 1975-yilda bergan hisobotini yaxshi eslaydi. O'shanda Ford nutqi boshida "Bugun davlatimiz yaxshi ahvolda emas...",- degan. 1974-yilda prezident Richard Nikson "Votergeyt mashmashalari" (video) deya nom olgan mojaro sabab lavozimni tark etgach, vitse-prezident Ford uning o'rnini egallaydi. 1975-yilning boshida Oq uy va butun tizim bu voqealardan astalik bilan o'ziga kelayotgan edi.

BU YILGI HISOBOT - ASOSIY E'TIBOR IQTISODDA

O’tgan to’rt yilda sakkiz million ish o’rni yaratilgan. Ishsizlik darajasi tushib bormoqda, hozirda 7 foiz atrofida. Mamlakat yonilg’iga talabni asosan o’zida ishlab chiqarilgan mahsulot evaziga qoplamoqda. Global biznes liderlar nazarida, deydi Obama reytinglarga ishora qilib, sarmoya qilish bo’yicha Amerika dunyoda hamon eng munosib muhit.

“Bu yil samaradorlik va real harakatlar yili bo’lsin”, - deydi Obama.

Partiyalar joriy yil byudjeti bo’yicha kelishib olgan. Yaqin kunlarda Oq uy Kongressga 2015-yil byudjet loyihasini yuboradi.

"Qay irq, din, partiya vakili bo'lmaylik; yoshu qari, boy yoki kambag'al - mehnat qilgan odam uning rohatini ko'rishi kerak. Mas'luyat bilan yashash farovonlik tomon yetaklashi kerak", - dedi Obama yurtdoshlarini intilib yashashga undar ekan.

Your browser doesn’t support HTML5

Obama-Xalqqa Hisobot-Kongress-Navbahor Imamova


Ichki siyosat

Qo'shma Shtatlarda bola qanday oilada tug'ilib o'sganidan qat'i nazar, hayotda muvaffaqiyat qozona olishi kerak. Shunday bo'lib kelgan ham, deydi Obama.

Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner Ogayo shtatidagi eng qashshoq oilalardan birida katta bo'lgan. Usta tadbirkor va siyosiy faol sifatida xalq ishonchini qozonib, bugun mamlakatning bosh siyosatchilaridan.

"Boshqa bir misol: yolg'iz onaning farzandi bugun dunyodagi eng qudratli davlatning prezidenti",- deydi Obama o'zini nazarda tutib.

Albatta, bu tirishqoqlik, qattiq mehnat va sabr talab qiladi, deydi prezident.

XIX asrda hayotga texnologiya kirib kelib, global raqobat kuchaya boshlagan davrda ham Amerikada ko'plab odamlar ish va imkoniyatlardan ayrilgan, deya qayd etadi Obama. O'rtahol amerikaliklar zarar ko'rib, iqtisodiyot va hayot og'irlashgan.

2008-yilda boshlangan inqiroz AQShga har tomonlama qimmatga tushdi, millionlab insonlar ishi va mulkidan ayrildi. To'rt yildirki, tizim iziga tushib, bugun qimmatbaho qog'ozlar bozori chaqqonlashgan, badavlat amerikaliklar foydani sarhisob qilmoqda.

Mehnat o'rinlari yaratish, minimal maoshni ko'tarish va ishlab chiqarishni kengaytirish - Kongress va Oq uy uchun bundan muhimroq ish yo'q.
Barak Obama
O'rta va quyi tabaqa esa hamon omadini kutmoqda, deydi prezident.

"Juda ko'p yurtdoshlarimiz bugun yo'qsillikda yashamoqda. Qanchalik harakat qilmasin, topgani yetmayapti", - deydi Obama qarshisida o'tirgan qonunchi va arboblarga qarab.

"Oldimizda turgan vazifa - mana shu holatni o'zgartirish. Bu oson emas, buni tezlikda eplolmaymiz. Qanday choralar ko'rish ustida to'liq kelisha olmaymiz ham. Lekin men sizga konkret, amaliy takliflar bilan murojaat qilamanki, ular iqtisodni kuchaytirib, o'rtahol amerikaliklarga madad ko'rsatib, hamma uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Ayrim takliflarimni Kongress ma'qullamasa bo'lmaydi. Bu borada siz, qonunchilar bilan kelishishga hozirman. Lekin Amerika kutib o'tirmaydi. Men ham kutmayman. Qay jabhani sizning tasdig'ingizsiz ham eplay olsam, zarur qadamlar tashlab, vaziyatni o'zgartirishga bel bog'laganman".

Bu gaplari bilan Obama Kongressga o'ziga xos ogohlantirish berdi. Iqtisodiy islohotlarni qonunchilarning iznisiz ham olib borish yo'llari mavjud ekanini eslatdi.

"Amerika - imkoniyatlar diyori. Biz imkoniyatga asoslangan xalqmiz. Mana shu bebaho ne'matni qayta tiklash - asosiy burchimiz",- dedi Obama.

Oq uy kasb-hunar o'rgatishga urg'u berib, yangi tashabbusga vitse-prezident Jo Bayden boshchilik qiladi.

Prezident Obama

Neft va tabiiy gaz sanoatini isloh qilish bilan birga prezident muqobil energiya manbalariga sarmoya qilish kerak deydi.

"Quvvatni ayaydigan texnologiyani ishga solib, har birimiz qo'ldan kelgancha chora ko'rishimiz lozim".

Global iqlimdagi o'zgarishlar ustida bahslashishning vaqti o'tdi. Harorat ko'tarilib bormoqda, sayyora tobora isiyapti va insoniyat, xususan, Amerika sinovlarga tayyor turishi, salbiy o'zgarishlarning oldini olishi shart, deydi prezident.

Immigratsiya tizimini ham isloh qilib, millionlab noqonuniy muhojirlar taqdirini hal etish vaqti keldi, deydi davlat rahbari.

Sog'liqni saqlash tizimi Amerikada qimmat, murakkab va hozirda islohotlar ostida. Biroq konservatorlar, Respublikachilar partiyasi, Obama boshlagan reformalarga qarshi. Prezident bugungi nutqida muxolifatni bu masalaga vijdonan yondashishga chaqirdi. Har bir amerikalik kasal bo'lganida xizmatlardan bemalol foydalana olishi shart, deydi u. Respublikachilar nazarida esa har bir kishidan tibbiy sug'urta talab qilish adolatdan emas.

Qo'shma Shtatlarda bilim olish ham tobora qimmatlashib bormoqda. Universitetda o'qish yiliga 20-30 ming dollarga tushishi mumkin. Aksariyat amerikaliklar qarz olib o'qiydi va o'qishni bitirgach, yillar davomida kreditni to'laydi. Obama bu borada ham islohotlar taklif qilmoqda va Kongressdan zarur qonunlar qabul qilishni so'ramoqda.

"Iste'dodli yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytiraylik, yosh avlod kelajakka ishonishi uchun zamin hozirlaylik", - deydi u.

Ota-onalarni qadrlash kerak, deydi u, ijtimoiy himoya tizimini isloh qilish lozim.

Kongress

"Ayollar yonma-yon ishlayotgan erkaklar bilan teng haq olsin. Ona bo'lganida bolasiga qaray olsin. Onalik ta'tili va imtiyozlarini ta'minlaylik. Ayollar ona bo'lgani uchun ishidan ayrilmasin. Otalar ham oilasiga zarur e'tibor berishi uchun sharoitni yaxshilaylik", - deya gapirdi Obama.

Pensiya masalasi ham chatoq: uzoq yillik mehnat qariganda farovon yashaysan degani emas. Buning ustiga, deydi prezident, jamiyatdagi eng og'ir, qora ishlarni qilayotgan odamlar hamon eng qashshoq qatlam. Eng kam ish haqi federal miqyosda soatiga kamida 10 dollar bo'lishi kerak.

Obama Amerika saylov qonunlarini o'zgartirishga ham chaqirdi. Saylovni moliyalash tartibini tuzatish kerak, deydi u.

Yana bir nozik masala - qurollar savdosi va qurolli jinoyatlar. So'nggi yillarda Amerikada jamoat joylarida o't ochib, yoppasiga odam o'ldirish hollari ko'paydi. Qurol nazoratini kuchaytirish kerak, deydi Obama. Respublikachilar bunga qarshi.

Tashqi siyosat

Amerika Afg'onistondagi urushni yakunlar ekan, qo'shinlar bu yil oxirigacha vatanga qaytadi. Vashington birdam va tinch Afg'oniston tarafdori va bu yo'lda yordamni to'xtatmaydi.

"Kobul bilan kelisha olsak, harbiy madad berishda davom etamiz... Al-Qoida va uning hamkorlari bizga tahdid qilishiga yo'l qo'ymaymiz. Dunyoning qayerida bo'lmasin, ularni yo'q qilishga bel bog'laganmiz va xavfni baratarf etish uchun chora ko'ramiz",- deydi prezident.

"Qo'shma Shtatlar o'z tarixidagi eng uzoq urushga nuqta qo'yar ekan, kelajakda harbiy harakatlarni yetti o'lchab bir kesgan holda rejalashni o'rganishimiz kerak. Toki, urushlarga puxta strategiya bilan boraylik".

Kapitoliy, Kongress joylashgan majmua

Lekin, deydi prezident, "Amerika xalqi hayoti xavf ostida bo'lgan taqdirda davlat rahbari sifatida qo'shin yuborish - mening vazifam".

Vashington mojarolarni hal etish uchun diplomatiyaga tayanadi.

"Suriyadagi urush va Isroil-Falastin mojarosiga barham berishda ham avvalo muzokara yo'lidan boramiz... Eron bilan murosaga erishilayotgani - diplomatiya va iqtisodiy bosim samarasidir", - deydi prezident.

Eron yadroviy qurolga ega bo'lmasligini ta'minlash uchun xalqaro hamjamiyat birga harakat qilmoqda. Islomiy respublika terrorchilarni quvvatlashni to'xtatmagan, Tehronga nisbatan ishonch past. Biroq, deydi Obama, Eron rahbariyati bilan til topishish hamon mumkin va ehtiyotkorona harakatlarni to'xtatmaslik kerak. Unga nisbatan qo'shimcha sanksiyalar qo'yish xato bo'ladi. Amaldagi chekovlar yetarli, deydi prezident.

Demokratik targ'ibot ham tinmagan. Yer sharining qay qismida bo'lmasin, Amerika hamisha erkinlik istagan insonlar tomonida.

"Har bir xalq o'z kelajagi yuzasidan erkin va tinch ravishda fikrini izhor eta olishi lozim."
Barak Obama
Obama Ukrainadagi voqealarga munosabatini shunday ifodalaydi:

"Har bir xalq o'z kelajagi yuzasidan erkin va tinch ravishda fikrini izhor eta olishi lozim".

Nutqining oxirida Obama xalqni sabr-toqatli bo'lishga undab, mashaqqatli damlarda o'zini yo'qotib qo'ymaslikka, umidni boy bermaslikka chaqirdi, fuqarolarni faolllikka undadi. Urushlarda o'lim bilan olishib, majruh holda vatanga qaytib, hayotini yangidan boshlayotgan yurtdoshlardan o'rnak olaylik, dedi Obama.

Millionlab faxriylar taqdirini misol qilib, prezident deydiki, agar bu insonlar qayta oyoqqa tura olayotgan bo'lsa, demak, xalq boshqa qiyinchiliklarni ham yenga oladi.

RESPUBLIKACHILARNING MUNOSABATI

Respublikachilar nomidan Vakillar palatasi a'zosi, Vashington shtatidan saylangan Keti Makmorris Rojers so'zladi.

Respublikachi qonunchi Keti Makmorris Rojers (Cathy McMorris Rodgers) partiyasi nomidan gapirib, xalqni hukumatdan yordam kutmay o'zi uchun o'zi harakat qilishga chaqirdi

"Prezident Obama ham, Respublikachilar partiyasi ham Amerika farovon yashashini istaymiz. Lekin bunga qanday erishish yo'llari ustida hamfikr emasmiz",- deydi u.

Qonunchi ayol safdoshlarining prinsiplarini eslatdi: xalq hayotida o'zgarish qiladigan hukumat emas, odamlarning o'zi. Shu bois davlat har sohaga aralashavermay, har bir muammoni qonun va qog'oz bilan hal etish kerak demay, fuqaro vakolatlarini oshirishi lozim.

O'zgarish qiladigan hukumat emas, xalqning o'zi.
Respublikachilar
Respublikachilar xususiy sektor uchun imtiyozlarni kengaytirishi kerak deb keladi. Keti Makmorris Rojers bugungi nutqida ham shuni tilga oldi.

Sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish kerak, lekin Obama takliflari masalaga yechim emas, deydi u. Yangi qonun kasalxona va tibbiy muassasalardagi vaziyatni qiyinlashtirmoqda.

Kongress a'zosi yurtdoshlarini hukumatdan yordam kutib o'tirmay o'zi uchun o'zi harakat qilishga undadi. Oilaviy qadriyatlar va e'tiqodga urg'u berdi.

Respublikachi tashqi siyosatga to'xtalmadi.

Prezident murojaatini ingliz tilida tomosha qiling:

http://www.youtube.com/embed/arhBRouSmWs