Prezident Obama Suriyaga qo’shin jo’natmaydi

  • Amerika Ovozi
Faollarning so’zlariga ko’ra, Suriyada yuzlab sunniylar sohilbo’yi Banias shahridan qocha boshlagan. Ular qo’shni qishloqdagi diniy xunrezlik takrorlanishidan xavotirda, deydi huquq himoyachilari.

Kecha Suriya muxolifati prezident Bashar al-Assadga xayrixoh kuchlarni Bayda qishlog’ida kamida 150 fuqaroni, jumladan, ayollar va bolalarni qirganlikda ayblagan edi. Bu qishloqda asosan sunniy musulmonlar yashaydi. Ikki yildan beri tinmayotgan qo’zg’olon boshida ham aynan sunniylar turibdi.

Prezident Barak Obama kechagi chiqishida Suriyaga piyoda qo’shin jo’natish ehtimolini rad etgan. Kosta-Rikaga safari chog’ida so’zlagan Obamaning aytishicha, Suriyada ahvol og’ir va har qanday ssenariyni ko’rib chiqish kerak. Biroq amerikalik askarlarini yuborishdan Qo’shma Shtatlar yoki Suriyaga biror foyda yo’q. Uning so’zlariga ko’ra, Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlar bu fikrni qo’llab-quvvatlaydi.

Kuni-kecha Pentagon rahbari Chak Xeygl AQSh Suriya isyonchilarini qurollantirish haqida jiddiy o’ylanib qolgan, degan edi. Hali aniq qaror qabul qilinganicha yo’q, deydi Amerika mudofaa vaziri. Qo’shma Shtatlar oppozitsiyani noharbiy yordam bilan ta’minlab keladi.

Isroil Suriyada Hizbullohga atalgani taxmin qilingan qurol-aslaha, jumladan, raketalarni havodan nishonga oldi. Bu haqda Isroildagi manbalar ma’lum qilayapti, biroq rasmiy bayonot berilmagan. Voqea payshanba kechqurun yoki juma ertalab ro’y bergan.

Joriy yilning yanvarida ham Isroil Suriyaga havo hujumi uyushtirgan, Livandagi Hizbulloh guruhi uchun olib ketilayotgan qurol-yarog’ni yo’q qildik, degan edi. Suriya hukumati Hizbulloh bilan yaqin aloqada ekani, urushda Livandagi bu jangchi guruh Bashar al-Assad armiyasiga yordamlashib kelayotgani aytiladi.