Barak Obama haftalik murojaatida Kongressni yana bir bor hamjihatlikka undadi.
Qonunchilik organi, deydi u, Oq Uy uzatgan taklif va loyihalarni tezroq ko’rib chiqib, bir qarorga kelishi, mamlakat olg’a siljishi uchun zamin yaratishi lozim.
“Yuqori lavozimlarga ko’rsatilgan nomzodlarni tasdiqlashdan tortib, iqtisod va infrastruktura bilan bog’liq hujjatlar ma’qullanishini kutayapmiz”, - deydi prezident.
Har yili yuzlab qonun loyihalari muhokamadan o'tib, qabul qilinadigan yoki rad etiladigan organda, mana ikki yildirki, sustkashlik kuzatilmoqda. Qo'mitalarda odatiy bahs-tortishuvlar avjida, lekin eng yirik masalalar, xususan soliq va iqtisodiy islohotlarga kelganda ikki yirik kuch, respublikachilar va demokratlar, til topisha olmayapti. Siyosiy kelishmovchilik shu qadar avjiga chiqqanki, murosa eshigi yopiq.
Mana shu eshikni ochishga urinayotganini aytib, Obama respublikachilar hukmron Vakillar Palatasini o’jarlik va mas’uliyatsizlikda ayblamoqda.
Muxolifat ham unga shu mazmunda ta’na toshlari otmoqda.
“Prezident biz bilan ishlay olmasligi oydek ravshan. Mamlakat yuzlashayotgan muammolar yechilmayotganida aynan u aybdor”,- deydi Marko Rubio, Florida shtatidan saylangan senator.
Senat esa demokratlar qo'lida. Vakillar Palatasi ma'qullagan hujjatlar Senatdan o'tmayapti. Senat yoqlagan tashabbuslar esa Vakillar Palatasidan.
Bunday manzaraga Amerika xalqi o'tmishda ko'p marta guvoh bo'lgan, ayniqsa Kongressning ikki palatasida ikki turli partiya hukmronlik qilgan pallalarda.