Barak Obama prezidentlikdan ketgach Vashingtonda yashaydi

  • Amerika Ovozi

تصویر موش خرمای شگفت زده از مجموعه عکس&zwnj;های طنز حیات وحش<br /> عکاس: مری میک گوان از ایالت فلوریدا و برندۀ جایزۀ این بخش&nbsp;

Barak Obama kelasi yil yanvarda prezidentlikdan ketgach, Vashingtonda qoladi. Oq uydan poytaxtning tarixiy Kalorama mahallasidagi uyga ko'chib kirmoqchi. Bu mahallada ilgari ham sobiq prezidentlardan biri yashagan. Obamalar oilasi ko'chib kelsa, xavfsizlik choralari kuchaytiriladi.

Hazil videolardan birida Obama kelajakda nima qilmoqchi ekani haqida bosh qotiradi. O'zini har xil vazifalarga solib ko'radi. Kamida haydovchilik guvohnomasi olish niyatida.

Prezident Oq uyni tark etgach qayerda yashashni allaqachon rejalab qo'ygan. U poytaxtning Kalorama nomli boy mahallasidagi koshonaga ko'chib o'tmoqchi.

Bu uyning bahosi olti million dollar atrofida. Lekin Obama uni sotib olmoqchi emas. Aksincha, oyiga 22 ming dollar to'lab ijaraga oladi.

Prezidentning aytishicha, kenja qizi Sasha maktabini tamomlashi uchun u Vashingtonda qolishga qaror qilgan.

Kalorama shaharning juda mashhur va tinch joylaridan. Sabab - bu yerda ko'plab elchixonalar, diplomatlar va boshqa rasmiylarning uylari joylashgan.

Bu yerda yashovchilar politsiya va maxfiy xizmat xodimlarini tez-tez ko'rishga o'rganib qolgan. Tarixchi Stiven Hansenning aytishicha, Obamalar oilasining kelishi hududni yanada xavfsiz qiladi.

"Qo'shnilar Prezident Obamaning bu yerga kelishini yoqtirsa kerak. Asosiy gap hozir ko'chaning begona mashinalarga yopilishi. Faqat shu yerda yashaydiganlargina mahallaga kira oladi. Xavfsizlik kuchaytiriladi; demak, odamlar kechasi bexavotir uxlasa bo'ladi. Mahalla qattiq qo'riqlanadi va bu uylarning narxini ham oshiradi", - deydi u.

Jon Horan shu yerda istiqomat qiladi. Har kuni shu ko'chada itini sayr qildiradi. Obamaning Vashingtonda qolayotganidan xursandman, deydi u.

"Mahallaga ko'p ta'sir qilmasa kerak. Bu yerda allaqachon butun dunyodan va AQShdan rasmiylar yashaydi. Ular kuchaytirilgan xavfsizlikka o'rganib qolgan. Xalq xizmati uchun shaxsiy hayotlaridan kechgan odamlarni ehtirom qilamiz", - deydi Horan.

Obama prezidentlikdan keyin poytaxtda qolayotgan ikkinchi sobiq davlat rahbari bo'ladi. Vudro Vilson ham ilgari Obama ko'chib kelayotgan mahallada yashagan.

Vilson uyi hozir muzeyga aylantirilgan. U yerga Obamalarning bo'lajak uyidan piyoda borish mumkin.

"Aslining 95 foizi saqlab qolingan. Ikkita buyum bu yerda bo'lmagan, xolos", - deydi muzey xodimi.

Robert Enholm Prezident Vilson uyini ko'rsatadi. Ko'plab tarixiy buyumlar bor. Jumladan, Vatikan mozayklari, Fransiya gilamlari hamda Vilson kutubxonasidan ko'hna film projektori.

Enholm Vashingtonda qolish bo'yicha Vilson va Obama qarorlarida o'xshashlik ko'radi.

"Prezident ofisni tark etgach, siyosatda faol bo'lish uchun mamlakat poytaxtida qolishni ma'qul topgan. Prezident Vilsonning maqsadi ham shu bo'lgan. Obama ham Vashingtonda bo'lishning afzalliklaridan biri sifatida shuni ko'rsa, ajab emas", - deydi u.

Vashingtonda yashab qolar ekan, Obamaning siyosatdan uzoq bo'lishi qiyin. Bu esa satirik videoda ifodalangan xavotirlarni yengib o'tishga kifoya qiladi.