Obid Asomov: O'zbekistonda qiziqchilik maktabi reanimatsiyada

Obid Asomov

O’zbekistonda Xizmat ko’rsatgan artist, taniqli qiziqchi Obid Asomov Amerikada bo’lib, bir necha shtatda konsert berdi. U bilan suhbatda O’zbekistonda qiziqchilik san’atining bugungi kuni haqida qiziqdik.

Odatda Nyu-Yorkda konsert beradigan Obid Asomov bu galgi safari davomida ilk bor Virjiniya, Kaliforniya va Ogayo shtatlarida ham askiyalari bilan muxlislar ko’nglini xushnud etdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Obid Asomov: O'zbekistonda qiziqchilik maktabi reanimatsiyada

Odatda chet elga chiqsam, birinchi o’sha joyning taassurotidan boshlayman. Masalan, boshqa temalardan boshlashim mumkin, men uchun bu muammo emas, lekin, nazarimda, odamlarga bu narsa qiziq. Ya’ni men o’zimning munosabatimni bildiraman shu davlatga nisbatan, o’sha yerda yashayotgan insonlarga nisbatan. Shuning uchun Amerikaga kelganda, programmamni shunaqa tuzamanki, avval Amerika hayoti haqida, keyin O’zbekiston haqida, keyin oddiy insoniy muammolar haqida, masalan, er-xotin munosabati, oilaviy munosabatlar, bolalar haqida, umuman, hayot haqida gapiraman”.

Obid Asomov Amerikaga 2004-yildan beri kelib turadi. Uning aytishicha, AQShdagi o’zbeklar bir-biridan farq qiladi.

“Nyu-yorklik [o’zbeklar] mendan xafa bo’lishmas, boshqa shtatlardagi o’zbeklarimiz sal boshqacharoq. Nyu-yorkliklarni xafa qilib qo’yishdan qo’rqaman. Bular o’sha o’zbek-da. Ko’proq amerikalashib ketgan deymizmi. Bu narsa juda qattiq seziladi. Nyu-yorkliklar xayolida, asosan, pul topish maqsad. Vaqtinchalik kelgan insonlarga o’xshashadi. Ko’pchiligi hatto ingliz tilini ham bilmaydi, yurish-turishi ham boshqacha. Masalan, mana [Virjiniyada] konsertga kelganlarning ko’zlari butunlay boshqacha, ular o’troqroq deymanmi. Qanaqadir xotirjamlik bor boshqa shtatlarda Nyu-Yorkka nisbatan. Havosiyam, odamlarning yurishiyam; shovqin-suron ham kam. Endi bilmadim, hamma katta shaharlarda shu ahvol. Moskvada ham shunaqa to’polon. Masalan, Isroilga borsam, Tel-Avivda ham shu ahvol. Poytaxtlarda shunaqa-da endi. Haqiqiy hayotni bilmoqchi bo’lsang, Moskvanimas, Rossiyani aylangin, deyishadi ruslar. Shunga o’xshab, nazarimda, Amerikada ham haqiqiy hayotni ko’rmoqchi bo’lsangiz, Nyu-York emas, bu yoqlarni ko’rish kerak”.

San’atkor sahnada odamlarni kuldirib gapirsa-da, sahnadan tashqarida jiddiy mavzuni ko’tardi.

“Moskvaning o’rtasida armanlarning juda katta madaniyat markazi bor, juda katta imorat. Bular qanaqadir juda ahil. Rossiyada ham o’zbek markazlari yo’q hali. O’zbeklarning jamiyatlari bor, lekin o’sha jamiyatlar ham tarqoq, bir-biri bilan aloqasi yo’q hatto. Millat qachon millat bo’ladi? Nazarimda, millat birlashsa millat bo’ladi. Ayniqsa musofirchilikda bu narsa bilinadi. Yana Nyu-Yorkni gapiraman, xafa bo’lishmasin. Nyu-Yorkda hech kim [o’zbeklar] bir-birini bilsayam, bilmaslikka oladi. Qanaqadir o’gay, hamma bir-biriga. Aslida hammamiz o’zbekmiz. Mayli, samarqandlik bo’ladimi, toshkentlik bo’ladimi, andijonlik bo’ladimi, ahillik yo’q. O’sha qanaqadir kuchli musht yo’q-da! Masalan, Buxoro yahudiylarimiz juda ahil. Necha marta kelib, ular uchun alohida konsert berganman. Katta zallarda, masalan, Kvinsdagi “Millenium” konsert zalini 2-3 marta to’ldiramiz yoki Kvins kollejining zali juda katta.

O’zbeklarimiz mana endi o’rganishyapti. Xudo xohlasa, bunisi ham bo’lar. Albatta, zo’r bo’lardi. Ko’pchilik mana hozir shu yerda yashayapti, farzandlari shu yerda tug’ilyapti. Ko’chada hamma narsa inglizchada bo’lgandan keyin bular ham ingliz tilini biladi, inglizcha hayot tarziga o’tib qolishyapti. Eng chatog’i, o’zbek tilini esdan chiqarishyapti, o’zbek madaniyatini esdan chiqarishyapti. Menga qolsa, bu yaxshi narsa emas. Men kelib-ketadigan odamman. Xohlaymanki, mening millatim ham o’sha armanlarga o’xshab, Buxoro yahudiylariga o’xshab, ahil bo’lsa, katta zallarda konsert bersam. Maqsad katta pul topish emas, millat birligini ko’rsangiz, maza qilasiz. Ikki-uch ming o’zbek kelsa, masalan, men kuchliroq ishlayman, undanam maza qilaman”.

Obid Asomov qiziqchilikni 1982-yilda boshlagan. Shu davr mobaynida tomoshabinni qanday mavzular qiziqtirgan, deb so’raymiz undan.

“Men qiziqchilikni sobiq Ittifoq davrida boshlaganman. Birinchi marta televizorga 1985-yilda chiqqanman. Senzura katta edi, chegaralash katta edi. Satira bor edi. Lekin satira bilan yumorning farqi nimada? Satira – bu ozgina tanqid, yumor – bu kulgi, yengil kulgi. Ruschasiga aytganda “смех ради смеха”. Ularga ko’ra, “юмор – это когда страшно смешно, а сатира – это смешно, но страшно”. Farqi shunda.

SSSR paytida ozgina chegaralash bo’lgan. Televizorga meni uzoq yillar davomida chiqarishmagan. To’yga yurardim, to’yga yurganlarni “otarchi” deb chaqirishardi. To’yga borgan san’atkor odatda televizorda ko’rsatilmas edi. Sovet fuqarosi, sovet artistining to’yga borishi uyat edi. Ayniqsa cho’ntagiga pul solish. Bunday odam televizorga chiqishga munosib emas, deyishardi. Meniyam uzoq vaqt chiqarishmasdi, ammo 1985-yilda “paq” etib chiqib qoldim. Bir marta ko’rindimu, ruxsat tegib qoldi.

Mavzuga kelsak, 1987-1988-yillardan boshlab, Gorbachyov davriga kirgandan keyin oshkoralik degan narsa paydo bo’ldi. Judayam erkin gapira boshladik. Siyosiy mazvularda ham gapirdik, Lenin haqida ham miniatyuralar qilganmiz. Leninning haykali hali ham turgan payt edi. O’zbek millatining qachon o’zbek bo’lishi haqida, millat bo’lishi haqida gapirardik. Oilaviy mazvular ham bo’lardi.

1991-yilda mustaqil bo’lganimizdan so’ng yana o’sha erkinlik, mustaqillikning shabadasi, mavzular ko’p va erkin edi, 1996-yilgacha, taxminan. Lekin o’shanda ham mavzular bemalol edi. Hozir, ming afsus bilan gapiraman, mavzular juda chegaralangan. To’g’risini aytaman, televizorda birorta yoqadigan, tomoshabinlar ko’nglini oladigan yaxshi, yumoristik ko’rsatuv yo’q umuman O’zbekistonda. Meni ko’rsatishmayotgani uchun gapirayotganim yo’q.

SSSR paytida Ergash Karimov, Hasan Yo’ldoshev, Sadir Ziyovutdinov, Husan Sharipovlar teleminiatyuralar teatrida chiqishardi. Dastur yaxshigina tanqid qilardi. Odamlar qo’rqardi shundan. Bir-birini xafa qilsa, “men seni teleminiatyuraga, Ergashga aytaman”, deyishardi. Ko’rsatuvning obro’si shu darajada kuchli edi. O’sha paytdagi yulg’ichlar, poraxo’rlar, magazindagi “podprilavka”, ya’ni berkitib sotishlar, kolxoz raislari, buxgalterlar – shunaqa temalarni olib chiqishardi. Zo’r yozuvchilar bor edi: Said Ahmad, Alp Jamol, Elbek Musayev. Shular yozardi yaxshi narsalarni teleminiatyuralar uchun. Har haftada material tayyorlab, ekranga chiqarish oson emas edi, lekin shuni qilishardi. Hozir esa teleminiatyuralar teatri yopilib ketdi.

Televideniyeda “qaychi” ko’p. Masalan, konsert tasvirga tushirilsa ham, yarmidan ko’pini qirqib tashlashadi. O’zlariga to’g’ri kelgan narsani ekranga chiqarishadi, qolganini tashlashadi axlatga. Qiziqchini qirqib bo’lmaydi. Afandi haqidagi latifalardan biri esga tushdi. Afandi bir kuni laylakni ushlab, tumshug’ini, ikki oyog’ini qirqib, “ana endi qushga o’xshading” degan ekan. Afsuski, hozir mavzular juda ham chegaralangan. Shunaqa gaplarni gapirib qo’yaman-da, keyin mendan xafa bo’lishadi.

Hozirgi shogird-qiziqchilarimizning dunyoqarashi juda tor, kitob o’qishmaydi, haqiqiy muammolarni bilishmaydi, bilsayam, o’shani olib chiqish yo’lini bilishmaydi. Ijod qilish kam. “Pul topsam, to’yga chiqsam, shu yaxshi; konsert qo’ysam bo’ldi, ishim yurishyaptimi, shu yetadi”. Olg’a yurish, yangi narsa o’ylash, qilish juda kam. 31 millionli O’zbekistonda qiziqchini sanasangiz, 10 ya barmog’ingizdan uchtasi ortib qoladi. Afsus…”

Xalq sevgan artist bilan suhbatda O’zbekistonda qiziqchilik san’atining bugungi kuni bilan ham qiziqdik.

Qiziqchilik – tug’ma talant, lekin Stanislavskiy paytidan “talant – bir foiz, 99 foizi – mehnat” degan gap qolgan. Ammo o’sha bir foiz iste’dod bo’lmasa, yuz foiz mehnat qiling, qiziqchi bo’lmaysiz. Qiziqchi xudodan yuqtiriladi, faqat Allohdan deb bilaman. Lekin o’z ustida ishlash kerak, maktab bo’lishi kerak. Xudo rahmat qilsin, Ergash Karimov Leningradga borib o’sha paytda Arkadiy Raykinning teatrida 2-3 oy turib, uning maktabini o’rganib kelgan. Hatto Raykinning teatridagi grim ustalari maska yasab bergan. Ergash aka, Hasan aka shu maska bilan chiqishardi, esingizda bo’lsa. Leningradda yasalgan shu maskalar. Raykinning satira maktabini Ergash aka o’rganib kelgan, teleminiatyuralar teatri Raykinning teatriga asoslanib chiqarilgan narsa edi.

Maktab bo’lgan. Muhiddin Darveshov degan qiziqchi bo’lardi, Alloh rahmat qilsin. Xalqdan chiqqan bo’lsa ham, o’sha paytdagi muammolarni ko’tarib chiqardi Muhiddin aka. Juda o’qimishli, dunyoqarashi keng odam bo’lgan. Sodda, do’ppini qiyshaytirib, Darveshov darveshona gapirardilar, ustoz. Muhiddin akaning maktabi bor edi.

Hojiboy Tojiboyevning alohida bir maktabi bor edi. Ba’zilar “yo’l boradi, yo’l keladi, sen yurmaysan, yo’l yuradi”, “oshda nega ko’rinmadingiz? Nega oshda men ko’rinishim kerak?” degan gaplariyam qiziqchilikmi”, derdi. To’g’ri, bu oddiy narsalar, lekin shu bilan birga Hojiboy Tojiboyev juda bir muammoli gaplarni ko’tarib chiqardi. Orasida, uni uncha-muncha odam bilmas, kosa tagida nimkosa.

Masalan, traktorchilar obro’sining oshib ketgani haqidagi gapini olaylik. Men toshkentlikman, men bilmasdim shu muammoni. Nega endi traktorchilarning obro’si o’qituvchilarnikidan baland edi? Axir bu ham muammo. Aslida o’qituvchining obro’si baland bo’lishi kerak. To’yga kelsa, o’qituvchini haydab, traktorchini o’tqazishi haqidagi askiyasini eslayman. Chunki traktorchining traktori zarur ekan-da, yer haydab berishi kerak, bitta traktor butun kolxozga talash ekan. Fermerlarning yerini haydab beradi borib. Uni eshitib, xalq dumalaydi, kuladi. Keyin bilsam, zalda o’sha muammoni tushunadigan odamlar o’tiribdi. Men toshkentlikman, bilmayman. Xullas, Hojiboy akaniyam o’z maktabi, o’z yo’nalishi bor. Hozir Avaz Oxun degan ukamiz chiqdi. Hojiboy akaning ovozini o’xshatib, uni xarakterida bir narsalar deyapti. Hali yosh, ilohim, yaxshi bo’lib ketar.

Afsuski, shu kunga kelib, qiziqchilik maktabi reanimatsiyada yotibdi, desam bo’ladi. Sababi, hech kim e’tibor bermayapti bu narsaga. Ashulaga, estradaga e’tibor bor, lekin qiziqchilik shu estradaning bir bo’lagi, uning ichida ekani hech kimning aqliga kelmayapti. Bu katta narsa. Masalan, Amerikada qaysi kanalga olsam, shou-programma, hazil-huzul bor. Real tanqid kerak, real satira-yumor kerak, kulgisiz odam yashamaydi”.

Obid Asomov Rossiya televideniyesidagi loyihada qatnasha boshlaganidan so’ng uni o’zbek telekanallarida ko’rsatish taqiqlab qo’yildi. Ammo oxirgi paytlarda “Krivoye zerkalo” dasturi ham ko’rinmay qoldi.

“Televizion proyekt ham odamning umriga o’xshab tug’iladi, rivojlanadi, bir cho’qqiga chiqadi, eng yuksak cho’qqiga chiqib, keyin sekin pasayishni boshlaydi, keyin pensiyaga chiqadi, keyin reanimatsiyaga tushadi. Badiiy rahbarimiz sezdiki, ko’rsatuvimiz ozgina charchadi. Biz charchamadik. Ko’rsatuv odamlarga sal zerikarliroq bo’lib qoldi – o’sha-o’sha qahramonlar, o’sha-o’sha dekoratsiya. Ularning hammasini o’zgartirish kerak. Shu san’atkorlar bilan boshqa proyekt qilinyapti hozir. “Rossiya” kanalida chiqadigan loyihaga pul tikilgan. Xudo xohlasa, ko’rib qolasizlar. Proyekt rahbari – Yevgeniy Petrosyan, o’sha san’atkorlar, faqat nomi boshqacha bo’ladi”.