AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Robert Obrayen Rossiya Donald Trampga qayta saylanishga yordam berayotganiga ishora qiluvchi dalillarga ko’zi tushmaganini aytadi, biroq shu bilan birga, AQSh razvedkasining shu mazmundagi da’volarini ham hisobdan chiqarmaydi. Tramp bu boradagi hisobotlar haqiqatdan yiroq ekanini aytadi.
Your browser doesn’t support HTML5
O’tgan hafta Prezident Tramp Germaniyadagi elchi Richard Grenellni milliy razvedka xizmatiga vaqtincha direktor etib tayinladi. Oldingi vaqtincha direktor Jozef Makgvayrning yordamchisi Vakillar palatasidagi tinglovda Rossiyaning 2020-yil Amerika saylovlariga aralashuvi haqida hisobot berganidan so’ng Tramp Makgvayrning o’zini ishdan oldi.
“Uch yillik bema’ni jodugar ovi va demokratlarning bir tomonlama salib yurishidan keyin yana bir mashmashani boshlashyapti. Putin mening qayta saylanishim uchun harakat qilayotganmish. Ana bo’lmasa!” – dedi Tramp.
Xabarlarga ko’ra, Makgvayrning yordamchisi qonunchilarga Rossiya Trampni boshqa nomzodlardan ustun ko’rmoqda, degan. Bu ma’lumot unga qarshi qo’llanishidan xavotirga tushgan prezident g’azabga kelgani aytiladi.
“Rossiya Prezident Trampning qayta saylanishiga harakat qilayotganiga doir biror razvedka ma’lumotini ko’rmadim. Menimcha, yana o’sha eski gap aylanyapti. Ruslarga Amerika saylovlaridan uzoqroq turing, deymiz. Rossiyaga qattiq gapirib keldik. Saylov xavfsizligi joyida. Xavotirga o’rin yo’q”, - dedi Milliy xavfsizlik maslahatchisi Robert Obrayen.
Qonunchilar bu mavzuda hali ham tortishmoqda. Shu oy Senatdagi respublikachilar demokratlar taklif etgan saylov xavfsizligiga oid uchta qonun loyihasini rad etdi.
“Nega endi Rossiya Amerika harbiy qudratini qayta tiklagan, Ukrainaga jangovar qurollar bergan, Rossiyani tarixdagi hamma prezidentlardan ko’ra sanksiyalar bilan ko’proq jazolagan Trampning qayta saylanishini xohlashi kerak? Bu mantiqdan emas”, - dedi Obrayen.
Trampning matbuotdagi ayrim xabarlarga ishora qilib aytishicha, Rossiya demokratlardan prezidentlikka nomzod Berni Sanders saylov kampaniyasiga yordam bermoqda. Sanders bu xabarlarga javoban Putin 2020-yilda AQShda kim saylanishini xohlashi bilan ishim yo’q, deb javob berdi.