Ayrim tahlilchilar neftning mo’lligini davlatlar uchun zarar deb hisoblaydi. “Qora oltin” bu mamlakatlar uchun la’nat, deydi ular. Kuzatuvchilar nazarida neft yordamida oson va mo’maygina daromad olishga ko’nikish mamlakatni jahon bozoridagi narxlarga bog’lab qo’yib, iqtisodiyotning boshqa sohalarini rivojlantirishga xohish yo’qoladi. Jorj Vashington universitetida o’tgan ilmiy tadbirda tabiiy resursning tinchlik, farovonlik va taraqqiyotga ta’siri haqida so’z bordi.
Neft la’natmi yoxud marhamatmi? Bu haqda aniq fikr yo’q. Mutaxassislarning qarashlari bo’lingan. Kimdir neftga boy mamlakatni katta boylikni meros qilgan insonga qiyoslab, tez va oson daromad dangasalikka yetaklashini aytadi. Davlatlar g’aznani neft hisobiga to’ldirib, sarmoya, vaqt va mehnat talab qiluvchi boshqa sohalarni rivojlantirmaydi, giyohga o’rgangan nashavandga o’xshab qoladi. Natijada bunday mamlakatlar neftning jahon bozoridagi narxiga qaram bo’lib qolib, ashyo arzonlashganda daromad ham kamayib, iqtisodiyotga zarar bo’ladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ayrim iqtisodchilar nazarida 1985-yili neftning olti baravar arzonlashishi oqibatida “qora oltin” hisobiga iqtisodiy ehtiyojlarini qoplab kelayotgan Sovet Ittifoqi jiddiy muammoga duch keldi.
Bundan tashqari ba’zi mutaxassislar fikricha, neft beqarorlik manbai bo’lishi ham mumkin. Ko’mir sanoatidan farqli o’laroq neftni ishlab chiqarishda ko’p ishchi kuchiga ehtiyoj yo’q, natijada mehnatkashlar manfaatlarini himoya qiluvchi kasaba uyushmalarni yaratishga hojat qolmaydi. Bu esa hukumatning xalq oldidagi mas’uliyatini kamaytiradi, tuzumning avtoritarlashishiga, demokratik institutlarning zaiflashib, korrupsiyaning o’sishiga yetaklaydi. Neft uchun mamlakatlar o’zaro urush qiladi, ichki nizolar kelib chiqadi, deydi bu nazariyani yoqlovchi ekspertlar.
Ammo haqiqatan ham shundaymi? Jorj Vashington universitetida shu mavzuda o’tgan yig’inda bunday nazariyani inkor etadigan fikrlar bildirildi. Xususan, Parij universitetidan afrikashunos olim Mark-Antuan Peruz de Monkloning aytishicha, Tog’li Qorabog’ mojarosiga neft sabab bo’lmagan. To’g’ri, hukumat neftdan tushgan daromad hisobiga o’zini qurollantiradi, ammo Ozarbayjonda tabiiy resursning bu turi bo’lmaganida ham nizo baribir kelib chiqishi mumkin edi, chunki uning negizida iqtisodiy omillar yo’q, deydi bu fikrga qo’shiluvchi boshqa tahlilchilar.
"Neft ichlab chiqaruvchi hamma mamlakatlar ham urush qilavermaydi yoki aholisini ezavermaydi. Masalan, Norvegiya, Avstraliya, Britaniya, Kanada. Nizolar qashshoq davlatlarda ham kelib chiqishi mumkin. Somali bunga bir misol", - deydi de Monklo.
Ekspert nazarida neft korrupsiyaning kuchayishiga ham olib kelmaydi, chunki ayrim mamlakatlar 1970-yillarda neft narxi keskin oshmasidan oldin ham avtoritar bo’lgan. Masalan, Nigeriya, Livan, Iroq.
Rossiyaning ham neftga tobeligi haqida so’nggi paytlarda ko’p gapiriladi. Jahon bozorida yonilg’ining arzonlashishi yetakchi eksportchilardan hisoblangan bu mamlakat g’aznasini milliardlarb dollardan ayirmoqda.
Konnektikut shtatida joylashgan Vesleyan universiteti professori Piter Ratlendning aytishicha, neft va gaz savdosidan tushgan daromad Rossiya yalpi ichki mahsulotining 20-25 foizini, eksport tushumining 70 foizini tashkil qiladi. Buning hisobiga Rossiya qurolli kuchlarini takomillashtirmoqda, avtoritarizm kuchayayotganini ham ko’rish mumkin. Ammo, deydi Ratlend, Rossiya aksariyat neft ishlab chiqaruvchi davlatlardan iqtisodiyotining kengligi va chuqurligi bilan farq qiladi.
"Rossiya faqat neftga qarab qolgani yo’q. Bu mamlakatda raketalar, avtomobillar, metal, traktorlar ishlab chiqariladi. Undan tushgan daromad xususiy hamyonga ketayotgani yo’q. Neft narxining tushishiga qaramay, nafaqalar oshgan. Rossiyalik milliarderlarning oz qismigina shu sanoat hisobiga boyigan va ular hokimiyatga intilmaydi", - deydi olim.
Markaziy Osiyoda neftga boy Qozog’istonda ahvol qanday? Vashingtondagi Katolik universitetidan siyosatshunos Sergey Gretskiyning aytishicha, Qozog’iston daromad manbalarini xilma-xillashtirishga harakat qilib kelgan, ammo ilk harakatlari muvaffaqiyat keltirmadi.
"Qozog’iston xorijiy qimmatbaho qog’ozolarni sotib olib ko’p pul ishlay olmadi. So’ng Gretsiya, Ispaniya kabi davlatlar obligatsiyalarini xarid qilib, bu mamlakatlar moliyaviy inqirozga uchraganida millionlab dollar yo’qotdi. Nihoyat Qozog’iston inson kapitalini rivojlantirishga kirishdi", - deydi Sergey Gretskiy.
Unga ko’ra, Qozog’istonda neftga tobelikdan qutulish uchun kichik va o’rta biznesni rivojlantirish dasturi qabul qilindi, minglab yoshlar xorijga o’qishga yuborildi.
Qozog’iston misolida neft na ichki na tashqi nizoga sabab bo’ldi. Rossiyada ham shu ahvol, deydi tahlilchilar. Xulosa shuki, neft nizo va boshqa salbiy holatlarga yetaklovchi omillardan biri bo’lishi mumkin, xolos, ammo asosiy sabab sifatida ko’rilmasligi kerak. Shu bilan birga, ayrimlar nazarida neft g'aznani tezroq to'ldirishga hamda savdodan tushgan daromad hisobiga iqtisodiyotni tezroq rivojlantirishga yordam beradi.