Neftning keskin arzonlashishi Iroqda maoshlarning kesilishiga yetaklashi mumkin

  • Amerika Ovozi

Bag'dod, iroq

Jahonda neft narxlari keskin tushishi ketidan Iroq hukumati tahrir qilingan byudjetda maoshlarni qisqartirish ustida o’ylanmoqda.

Taraqqiyot dasturlari va ijtimoiy sektorni moliyalash maqsadida hukumat neftni bir barreliga 56 dollar miqdorida sotishga umid qilgan edi. Hisoblarga ko’ra, kompensatsiyalar va nafaqalar uchun salkam 45 milliard dollar kerak bo’ladi. Hukumat endi maoshlarni kesib, moliyaviy vaziyat yaxshilanmaguncha ijtimoiy nafaqa va imtiyozlarni kechiktirish xususida tortishmoqda.

Bunday chora yuzlab million dollar tejashi aytilmoqda. Ammo ayrim mutaxassislar nazarida, agar neft narxi bir barreliga 20-30 dollar atrofida saqlanib tursa, bunday chora kamlik qilishi mumkin.

“To’qqiz million iroqlik maoshini kafolatlash ustuvor vazifa bo’lib, avvalambor adolatni ta’minlash zarur”, - deydi bosh vazirning moliyaviy maslahatchisi Mudher Solih.

Neftni eksport qiluvchi mamlakatlar tashkilotidagi (OPEK) kelishuvga ko’ra, Iroq may va iyun oylarida neft ishlab chiqarishni kuniga bir million barrelga qisqartirishi kerak bo’ladi.

Ushbu islohotlarni amalga oshirish uchun effektiv rahbariyat kerak, ammo dekabr oyida Odil Abdul Mahdi bosh vazirlikdan ketganidan beri yangi rahbarni tanlash qiyin kechmoqda. Ushbu lavozimga tayinlangan Mustafo Qadimi shu hafta parlamentga mahkamasi tarkibini taqdim etishi kutilmoqda, biroq ayrim siyosiy fraksiyalar unga qarshi chiqishi mumkin.

Yangi byudjetni qabul qilish va xalqaro moliyaviy agentliklardan yordam olish uchun ham doimiy hukumat ish boshlashi zarur.

Neftga tobe mintaqada boshqa mamlakatlar ham o’xshash muammolar bilan yuzlashmoqda. Saudiya Arabistoni byudjetidagi xarajatlarni 5 foiz yoki 13,3 milliard dollarga kesishni rejalamoqda. Qirollik 500 milliard dollarlik valyuta zaxirasidan qarz olishi kutilmoqda.