YXHT raisi: Ukraina bo'yicha muzokaralarda kelishuv yo'q

  • Amerika Ovozi

Polsha Tashqi ishlar vaziri va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining raisi Zbignev Rauning aytishicha, bugun Venada tashkilot doirasida Rossiya bilan o’tgan muloqot natija bermagan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 13-yanvar, 2022-yil

Rossiya diplomatlarining bungacha Jenevada AQSh, Bryusselda NATO vakillari bilan qilgan muzokaralari ham kelishuvsiz yakunlandi.

Rauning aytishicha, Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari bo’yicha da’volariga doir asosiy muzokaralar Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti doirasida o’tkazilishi, unga a’zo 57 mamlakat o’z fikrini bildirishi kerak.

Moskva NATOdan yangi a’zolar, jumladan Ukraina va Gruziyani kelajakda qabul qilmaslikni, unga qo’shni mamlakatlardan qurol va qo’shinlarini chiqarishni talab qilmoqda.

Rossiyaning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidagi elchisi Aleksandr Lukashevichning aytishicha, agar Rossiya AQSh va G’arbdan olg’a surilgan takliflariga yozma ravishda konstruktiv javob olmasa, strategik muvozanatni ta’minlashga va Rossiya milliy xavfsizligi yo’lidagi tahdidlarni bartaraf etishga doir zarur choralar ko’radi.

Muzokaralarda qatnashgan Rossiya tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Sergey Ryabkovning Venadagi muloqotdan so’ng aytishicha, muzokaralar professional darajada o’tgan, biroq murosasiz ish bitmaydi. Rasmiyga ko’ra, AQSh to’qnashuv xavfini jiddiy qabul qilishi kerak.

Bu o’rtada Rossiyaning Ukrainaga chegaradosh Rostov oblastida tank mashqlari o‘tkazilmoqda. Ba’zilar nazarida, Rossiya Ukrainaga qo’shin kiritishga hozirlanmoqda. Shunday bo’lgan taqdirda Moskva unga qarshi yirik iqtisodiy sanksiyalar qo’yilishi haqida ogohlantirilgan.

Kreml Ukrainaga hujum haqidagi xabar va da’volarni safsata deb atamoqda.

Yevropada harbiy mojaroning xavfsizligiga va suverenitetiga tahdid deb ko’rayotgan Boltiq bo’yi mamlakatlari NATOdan Rossiya talabining aksini qilishni so’ramoqda, ya’ni o’z hududlarida alyans qo’shinlari sonini oshirishni.

“NATOning sharqiy chegaralarida mudofaani kuchaytirish haqida muhokama qilyapmiz. Biz joylashgan yer o’ziga yarasha yarimorol bo’lib, atrofida ko’plab tahdidlarga ega”, - deydi Estoniya Bosh vazirasi Kaya Kallas.

Rossiya tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Aleksandr Grushkoning NATOdagi muzokaralar chog’ida aytishicha, harbiy blok o’z vaqtida Estoniya, Litva va Latviyani a’zo sifatida qabul qilib, xato qilgan, o’zini Rossiyaga nishon qilgan, chunki endi alyans kuchlari Sankt-Peterburgga yaqin turibdi, demak Rossiya uchun jiddiy tahdid.