30 yil oldin Isroil-Falastin tinchlik kelishuvi yaqindek tuyulgan edi. AQSh vositachiligida imzolangan Oslo tinchlik bitimidan ko’p narsa kutilgan edi, biroq shundan 30 yil o’tib ham tinchlik qaror topmadi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Muzokaralar, diplomatiya ozodlikka, Falastin davlatining qaror topishiga yetaklaydi degan samimiy ishonch bor edi. Afsuski, bugunga kelib, istilo yanada kuchaydi. Isroil bilan mojaro davom etmoqda, hatto qonliroq kechmoqda. Falastin rahbariyati esa chirigan, samarasiz. Falastinliklar taqdirga tan bergan”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati institutidan G’ayt Umariy.
Yossi Beylin Oslo tinchlik muzokaralarida faol bo’lgan isroilliklardan. Uning aytishicha, Bosh vazir Is’hoq Rabinning tinchlik bitimiga qarshi bo’lgan yahudiy ekstremist tomonidan 1995-yilda otib ketilgani kelishuvning muvaffaqiyatsizlikka uchrashida bir omil bo’ldi.
“Asosiy muammolardan biri shu bo’ldiki, hudud bo’linishiga yo’l qo’ymaslik uchun o’limga ham tayyor bo’lgan har ikki taraf ekstremistlari hujumiga uchradik”, - deydi sobiq muzokarachi Beylin.
Muzokara jarayoniga aloqador isroillik bir sobiq razvedkachi fikricha, Falastin marhum rahbari Yosir Arofatning Isroil borlig’ini inkor etgan falastinlik ekstremistlarga xayrixohligi ham tinchlik jarayonining barbod bo’lishiga olib keldi.
“Muzokaraga kirishga tayyor bo’lishiga qaramay, Arofat har ikki taraf foydasiga o’ynaydigan arbob edi. U terrorchi elementlar bilan qo’sh o’yin o’ynay boshladi va bu tez orada Isroil mudofaa va razvedka idoralarining uning maqsadlariga bo’lgan ishonchini yemirdi”, - deydi hozirda Quddus strategiya va xavfsizlik institutining tahlilchisi Eran Lerman.
Falastinliklar nazarida, Isroilning G’arbiy Sohilda yahudiylar uchun qurilishlarni kengaytirishi inqirozni tinch yo’l bilan hal qilishga qaratilgan har qanday imkoniyatni yo’qqa chiqardi. Qurilishlar hali ham davom etmoqda. 30 yil oldin G’arbiy Sohilda 100 ming yahudiy yashagan bo’lsa, hozir ularning soni yarim millionga yetdi.