“Oksfam” hisoboti: o’ta boy va o’ta qashshoq aholi o’rtasida farq keskin oshgan

  • Amerika Ovozi

Shveysariyaning Davos shahrida an’anaviy xalqaro iqtisodiy forum boshlangan. Tengsizlik va qashshoqlikka qarshi kurashuvchi “Oksfam” tashkilotiga ko’ra, so’nggi chorak asrda aholining haddan ziyod boyigan va o’ta qashshoqlashgan tabaqalari o’rtasidagi farq ilk bor keskin oshgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 17-yanvar, 2023-yil

Tashkilot soliqlarni adolatliroq qilishga chaqiryapti.

“Davos forumi qaytib keldi. Boylarga bayram. Dunyoning eng badavlat bir foizi 2020-yildan beri to’plangan barcha boyliklarning salkam uchdan ikki qismini o’zlashtirib oldi”, - deydi “Oksfam” eksperti Nabil Ahmad.

Boylarning yanada boyishiga sabab, deydi u, hukumatlarning pandemiya paytida iqtisodiyotni jonlantirish uchun favqulodda sarmoyalari.

“Bu zarur chora bo’lgan. Ammo shu bilan birga, eng katta boylar iqtisodiyotga tashlangan pullarning, fond bozorida ko’rilgan foydaning tepasida turdi. Progressiv soliq stavkasiga to’siqsiz haddan ziyod boylar hamyonlarini to’ldirishga muvaffaq bo’lishdi”, - deydi Ahmad.

“Oksfam” hisobiga ko’ra, dunyo aholisining taxminan 1,7 milliard ishchisi inflyatsiya maoshdan oshib ketayotgan mamlakatlarda yashaydi, ya’ni qashshoqlashmoqda. Inflyatsiya natijasida oziq-ovqat va yoqilg’ining qimmatlashishi milliarderlarning yanada boyishiga sabab bo’ldi.

“2022-yilda oziq-ovqat va yoqilg’i bilan shug’ullanuvchi 95 ta korporatsiyaning daromadi ikki baravar oshdi”, - deydi Nabil Ahmad.

“Oksfam” kutilmagan foyda soliqlarini energetika kompaniyalaridan tashqari katta daromad ko’rayotgan oziq-ovqat kompaniyalariga ham solishga, dunyoning multimillionerlari va milliarderlariga 5 foizgacha soliq solishga chaqirmoqda.

“Keskin qashshoqlikka barham bersa bo’ladi. Tengroq dunyoga erishishning strategik sharti eng katta boylarga soliq solishdan iborat. Eng tepada o’tirganlar adolatliroq soliq to’lashini ta’minlash kerak”, - deydi “Oksfam” rasmiysi.

Jahon bankining oktabr oyida ogohlantirishicha, inflyatsiyaning kuchayishi va iqtisodiy o’sishning sekinlashishi oqibatida keskin qashshoqlikka qarshi kurash to’xtab qoldi.