Al-Qoida asoschisi, o’tgan yili may oyida Pokistonning Abbotobod shahrida AQSh maxsus kuchlari tomonidan o’ldirilgan Osama bin Laden quvg’inda qanday yashagani haqida yangi ma’lumotlar bor.
Uning eng yosh rafiqasi, hozirda 30 ga kirgan, asli yamanlik Amal Ahmad Abdufattoh ayni damda Pokistonda hibsda. Shu jumladan, Osama bin Ladenning yana ikki xotini va bir necha farzandlari ham. Ularga kelasi hafta bu mamlakatda noqonuniy ravishda yashaganlik aybi qo’yiladi. Besh yilga qamalishi mumkin, deydi advokatlar.
Amerika agentlari uni asosan tog’li hududlarda qidirib yurgan, lekin al-Qoida rahbari shaharlarda yashagan. Masalan, deydi uning bevasi, 2005-yilda Pokistonda qattiq zilzila bo’lib, AQSh yordam yetkazganida, bu davlat samolyotlarini Osama bin Laden hovlisida o’tirib tomosha qilgan.
Aynan o’sha yili al-Qoida yetakchisi Abbotobodga ko’chgan. Osama bin Laden o’tgan yillar ichida to’rt farzandli bo’lgan, hammasi Amal Ahmad Abdufattoh bilan. Ularning ikkisi Islomobod yaqinidagi davlat tug'ruqxonasida dunyoga kelgan.
“Vashington Post” gazetasining fosh etishicha, al-Qoida Osama bin Laden tiriklik paytida prezident Barak Obama va o’sha paytda Afg’onistonda xalqaro koalitsiyaga qo’mondonlik qilgan general Deyvid Petreusni o’ldirmoqchi bo’lgan.
Osama bin Laden yashagan uydan chiqqan qog’ozlarda bu reja o’z aksini topgan, deya yozadi Deyvis Ignatius, bu mavzuda uzoq izlangan jurnalist.
Bin Laden yozgan maktublarda, deyiladi maqolada, u Barak Obama halok bo’lgach Oq Uy vitse-prezident Jo Bayden qo’liga o’tishi haqida gap ketadi. Bayden layoqatsiz rahbar bo’ladi deb yozgan Osama bin Laden.
Osama bin Laden chet eldagi hamkorlarga bitgan xatlarida al-Qoida Iroq va Afg’onistonda xurujlarni bas qilib, asosiy diqqatini Amerikaning o’ziga qaratishi va aynan hukumatdagi odamlarni nishonga olishi kerak deb undagan. Al-Qoida musulmonlarni o’ldirmasligi kerak, e’tibor kofirlarda bo’lsin deyiladi Pokistonning Abbotobod shahridagi hovlidan olib chiqilgan materiallarda.