Pokistonda saylov siyosiy va iqtisodiy inqiroz fonida o’tdi

  • Amerika Ovozi

Pokistonda 8-fevraldagi parlament saylovlari oldidan sobiq bosh vazir Imron Xon va uning yaqin maslakdoshlari panjara ortiga tashlangani jarayonga ishonchni pasaytirgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 7-fevral, 2024-yil

240 million aholi yashovchi Pokistonda 128 milliondan ortiq saylovchi ro’yxatdan o’tgan. Aksariyati turmushining og'irligidan nolimoqda.

“Saylovda kim g’alaba qozonsa ham avval inflyatsiya muammosini hal qilsin. Kommunal to’lovlarimiz o’ta yuqori”, - deydi bir ayol.

Narxlar so’nggi bir yilda kamida 30 foiga oshdi. Iqtisodiy o’sish sekinlashgan, hukumat tashqi qarzni to’lashda qiynalarkan, millionlab odam qashshoqlashdi. Xalqaro valyuta jamg’armasi Pokistonga bergan uch milliard dollarlik yordam paketi mart oyida tugashi kutilmoqda.

“Pokistonda muammolar doim bo’lgan, ammo hozirgi ko’lamda emas. Bankrotlik yoqasida turibmiz. Hozirgi saylov natijasida hokimiyatga kelgan hukumat iqtisodiy muammolarni hal qilishga qodir bo’lishi juda muhimdir”, - deydi Pokiston Huquqiy taraqqiyot va shaffoflik institutidan Ahmad Bilol Mahbub.

Shu hafta o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijasi aholining 70 foizida saylovga ishonch yo’qligini ko’rsatmoqda.

Mamlakatning eng mashhur siyosatchilaridan biri, sobiq bosh vazir Imron Xon saylovdan chetlatildi. Sudlar uni korrupsiya, noqonuniy nikoh va davlat sirlarini oshkor etganlikda aybdor topdi.

Xon ayblovlarning barchasi ortida siyosiy sabab borligini aytadi.

Imron Xon va “Tahriki Insof” partiyasining ko’plab rahbarlari qamoqda yoki surgunda ekan, partiya faollari saylov kampaniyasini olib borishda turli qiyinchiliklarga uchradi.

“Ko’p odamlar Imron Xon partiyasini qo’llab-quvvatlaydi. Saylov qanday o’tadi, undan keyin hukumat tuziladimi, mamlakatda siyosiy barqarorlik o’rnatiladimi yoki partiya rahbaridan ayrilgani uchun saylovdan keyin namoyishlar boshlanadimi?”, - deya so’raydi Mahbub.

Saylovda bungacha uch marotaba bosh vazirlik qilgan Navoz Sharif g’alaba qozonishi bashorat qilinmoqda. U Imron Xon kabi hech bir muddatni to’liq ado etmagan.

Saylovda kim g’alaba qozonishidan qat’i nazar, mamlakat kelajagini harbiy rahbarlar belgilaydi.

Saylovga bir kun qolganda mamlakat janubi-g’arbidagi Balujiston viloyatida nomzodlar idoralari yonida ikkita bomba portlab, kamida 26 odam o’lgan. Xurujlarning biri mustaqil nomzod idorasi yonida, ikkinchisi esa “Jamiyat Ulamo Islom” diniy partiyasi ofisi yonida sodir etildi.