Pokistonda AQSh dronlari 11 jangarini o'ldirgan, Keniyada al-Shabab avtobusni o'qqa tutgan

  • Amerika Ovozi

Pokiston hukumati yer va havodan, AQSh esa dronlar orqali jangarilarga qarshi hujumlarni davom ettirar ekan, minglab aholi Vaziristonni tark etishga majbur. Suratdagi odamlar BMTdan yordam kutib o'tiribdi.

Pokiston xavfsizlik xizmatining bildirishicha, Amerika dronlari Shimoliy Vaziristonda, Afg’oniston bilan chegaradosh hududda 11 tolibni yo’q qilgan.

Ikki qo’rg’on nishonga olingan. U yerda AQSh va NATO kuchlariga qarshi hujumlar qilib kelayotgani gumon qilingan jangarilar yashagan, deyiladi bayonotda.

Vashington dronlar orqali qilinadigan xurujlar haqida lom-mim demaydi. Pokiston hukumati ularni qoralaydi va o’z suverenitetiga tahdid deb biladi.

Keniyada qurollangan guruh yo’lovchi avtobusini o’qqa tutib, yetti kishini o’ldirgan.

Voqea Vitu degan shahar yaqinida ro’y bergan. Al-Qoida bilan aloqador al-Shabab terror guruhi bu hujumlar uning ishi ekanini da’vo qilmoqda.

Keniya kuchlari Somalida bu harakatga qarshi harbiy harakatlarga safarbar etilgan. Al-Shabab yetakchilarining aytishicha, bu Keniyaga qimmatga tushadi. Afrika Ittifoqi kuchlari ichida xizmat qilayotgan har bir keniyalikni o’ldiramiz, deya ogohlantirmoqda al-Shabab.