Pokistonda terrorchilikda gumon qilinganlar ishi harbiy sudda ko'riladi

  • Amerika Ovozi

Pokiston Oliy sudi

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharifning aytishicha, terrorda gumon qilingan odamlar yaqinda tashkil etilgan harbiy tribunallarda sud qilinadi.

O'tgan hafta toliblar Peshovardagi harbiy bilim yurtiga hujum qilib, salkam 150 odamni o'ldirgach, hukumat terrorizmga qarshi keskin javob berishga qaror qildi. Qurbonlarning aksariyati o'quvchilar edi.

Sharifning aytishicha, Peshovardagi voqea mamlakatni larzaga soldi.

"Ekstremizmni tag-tugi bilan yulib tashlash kerak", - dedi bosh vazir.

Navoz Sharif bugun kuni bilan Vazirlar mahkamasida majlis qilib, terrorga qarshi choralar, harakat dasturini muhokama qilgan. Harbiy tribunallar qanday ish yuritishi ma'lum emas, ammo bosh vazirga ko'ra, terrorchilar ustidan sud jarayoni uzoqqa cho'zilmaydi.

Majlisda terror guruhlarining moliya kanallarini yopish, man etilgan guruhlarning yangi nom bilan faoliyat yuritishiga chek qo'yish xususida ham gap ketgan.