Pokistonlik ota-onalar turk maktablarining yopilishidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiyadagi muvaffaqiyatsiz yakunlangan harbiy isyon aks-sadosi Pokistongacha yetib bordi. Turkiya hukumati Islomoboddan Fathulloh Gulenga aloqador maktab va tashkilotlarni yopishni so'ramoqda. Anqaraga ko'ra, davlat to'ntarishiga urinish ortida Gulen turgan. Pokistondagi 20 dan ortiq turk maktablarida o'qiydigan o'quvchilarning ota-onalari kelajakdan xavotirda.

Pokistonda minglab bolalar PakTurk jamg'armasiga qarashli 20 dan ortiq maktabda o'qiydi. Tashkilot o'zini xayriya va nosiyosiy jamg'arma sifatida ko'rsatib, Fathulloh Gulenga hech qanday aloqasi yo'qligini aytadi.

Bu tashkilot taklif etadigan zamonaviy o'quv binolari va sifatli ta'lim 25 million bola maktabga qatnay olmaydigan mamlakat uchun katta yordam.

Rasmiy Anqaraga ko'ra, bu o'quv dargohlari gulenchilar tarmog'ining bir qismi.

"Bu terrorchi tashkiot maktablar, biznes jamiyatlari hamda madaniy tashkilotlarning global tarmog'iga ega", - deydi Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'li.

Jamg'armaning boshqaruv kengashi a'zolaridan biri shaxsan Gulendan ilhomlanganini, ammo uning qarashlari maktab o'quv dasturiga kiritilmaganini aytadi.

O'quvchilardan biri esa yaqingacha Gulen nomini hatto eshitmaganman, deydi.

"Uning kimligini internetdan qidirib o'rgandik. Uning Amerikadagi ziyoli va yozuvchi ekanini bildik", - deydi Rimsha ismli o'quvchi.

Ota-onalar maktablarning yopilishidan xavotirda.

"Turk o'qituvchilari bolalarimizga juda yaxshi tarbiya berishyapti, ular shu yerda bo'lishi kerak", - deydi ota-onalardan biri.

Pokiston hukumati o'quvchilar manfaatlarini himoya qilib, maktablarni davom ettirish yo'llarini topishga va'da bermoqda.

Nima bo'lganda ham, deydi o'quvchilar, Turkiyadagi siyosiy beqarorlik Pokiston ta'lim tizimiga ta'sir ko'rsatmasligi kerak.