Pokistonda "Valentin kuni"ni nishonlash taqiqlandi

  • Amerika Ovozi

14-fevral G’arb dunyosida Avliyo Valentin kuni sifatida nishonlanadi. O’zbekistonda va boshqa mamlakatlarda uni Sevishganlar kuni deb ham atashadi. Pokiston hukumati bayramni islom diniga zid deya, uni nishonlashni va matbuotda yoritishni qatorasiga ikkinchi yil taqiqlab qo’ydi.

Shu kuni bayramni reklama qilish ham, do’konda unga aloqador mahsulotlarni sotish ham mumkin emas.

Pokiston islomiy davlat bo’lishiga qaramay, Avliyo Valentin kuni so’nggi yillarda ayniqsa yoshlar orasida ommaviylashgan edi. Sevishganlar shu kuni bir-biriga odatda sovg’alar, otkritkalar, shokoladlar hadya etadi.

Bayram tarafdorlaridan birining aytishicha, uni taqiqlash to’g’ri emas. Hadyalarni sevgilisiga berish ham shartmas. Gul, sharlarni onalarimiz, opa-singillarimiz, aka-ukalarimizga, biz sevgan insonlarga bersak ham bo’ladi. Uni salbiy qabul qilish shart emas, deydi u.

O’tgan yili Islomobod Oliy sudi Valentin kuni axloqsizlik, ma’naviyatsizlik, behayolikni targ’ib qilishini aytib, uni taqiqlashga qaror chiqargan edi.

Mamlakatdagi diniy guruhlar va partiyalar ham uni qoralab chiqqan. Prezident Mamnun Husayn Valentin kuni musulmonlar an’analariga to’g’ri kelmasligini aytib, fuqarolarni uni nishonlamaslikka chaqirgan edi. Aytish joiz, 14-fevral O’zbekistonda Zahiriddin Muhammad Boburning tug’ilgan kuni hamdir.