Pokistonda ayollar ko’pchilik, lekin ularning 10 millioni hujjatsiz

  • Amerika Ovozi

Pokistonlik ayollar norozilik namoyishida. 4-fevral 2013.

Pokiston tarixida birinchi marta an’anaviy qabilalar hukm surayotgan hududda yashovchi ikki ayol parlamentga saylanmoqchi. Mahalliy va xalqaro tashkilotlar may oyida bo’lib o’tadigan saylovlarda ko’proq xotin-qizlar qatnashadi, degan umidda.

Your browser doesn’t support HTML5

Pokiston ayollari ko'pchilik, lekin hujjatsiz/Navbahor Imamova


Your browser doesn’t support HTML5

Musulmon ayollar hayotidan, Pokiston/Navbahor Imamova


Bodom Zariy - Pokistonning Tolibon hukmron hududidan, deputatlikka da’vogar.

“Bu hududda yashovchi opa-singillarimizga yordam berish uchun shu qarorga keldim. Men yashaydigan Bajur hududida kambag’allar ko’p, sog’liqni saqlash va ta’lim sohalarida muammolar talay. Vaziyatni o’zgartirish kerak. Shuning uchun parlamentga saylanmoqchiman”.

Pokistonning qabilalar hukmron hududlarida xotin-qizlar asosan uyda o’tiradi.

Bodom Zariyning nomzodlik hujjatlarini qabul qilgan rasmiy Asad Sarvar fikricha bu tarixiy ahamiyatga ega qadam.

“Bu ayol barcha to’siqlarni oshib o’tishga tayyor. Juda dovyurak. Boshqa ayollarga yo’l ochib beradi”.

Mamlakatning boshqa qismlarida ham ayollar huquqlari to’la ta’minlanmagan. Qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini himoya qilgan o’smir Malala Yusufzay o’tgan yili Tolibon jangarilari tomonidan nishonga olinib, jon berishiga sal qoldi. Hozirda Britaniyada davolanmoqda.

Saylov komissiyasi rasmiysi Afzal Xon deydiki, 11-mayga mo’ljallangan saylovlarda barcha hududlardan ayollarning ishtirok etishi muhim.

“Xotin-qizlar aholining 50 foizdan ko’prog’ini tashkil etadi. Ular jiddiy rol o’ynashga qodir. Bu nozik masala, albatta. An’analarimizga to’g’ri kelmaydi, deydiganlar bor. Lekin masalani ilgari surmasa bo’lmaydi”.

Hukumat nazarida ayollar va ozchilik guruhlari bilan ishlash kerak va ularga ma’lumot tarqatilib, bilimini oshirish lozim. Lekin bu gaplar og’izda, amalda esa harakat sust.

Mamlakatda hech qanday hujjati bo’lmagan 10 million ayol bor. Ular saylovchi sifatida ro’yxatdan o’ta olmaydi.

Boshqalariga oilaning erkak a’zolari saylov uchastkasiga borishni taqiqlashi mumkin.

BMTning Ayollar masalalari bo’yicha maxsus agentligining Pokistondagi vakili Lina Lindberg deydiki, bu jamiyatda xotin-qizlar erkaklar aytganini qilishga odatlangan.

Nafaqat ayollar, balki erkaklarga ham fuqarolarning saylash huquqini tushuntirish kerak, deydi Lindberg.

“Aksariyat ayollar jamiyat hayoti va siyosatda qantashishni o’ziga ep ko’rmaydi. Hukumat yoki parlament saylovlarini aytmasa ham bo’ladi. Ham ayollar, ham erkaklar bilan ishlashimiz kerak. Ayollar huquqlarini kafolatlaylik, ularga saylash imkonini yarataylik. Jamiyat ehtiyojlarini, qolaversa mamlakat manfaatlarini ham erkaklar, ham ayollar tushunishi lozim”.

Bundan oldingi saylovlarda saylash huquqiga ega fuqarolarning bor-yo’g’i 44 foizi saylovda ishtirok etgan edi.