"Solijon Abdurahmonov haqiqatda jasoratli va irodali jurnalist"

Solijon Abdurahmonov bir necha yillar davomida "Amerika Ovozi" ning Qoraqalpog'istondagi jamoatchi muxbiri edi

Qamoqdagi jurnalist Solijon Abdurahmonov nufuzli xalqaro mukofot sohibi. Germaniyada ta’sis etilgan yillik Iogan-Filipp Palm mukofoti so’z erkinligi uchun jasorat ko’rsatgan faollarga beriladi.

Taqdimot marosimi 30-noyabr kuni Germaniyada o’tdi. Jamg’arma unda jurnalistning o’zi ishtirok etishiga umid qilgan edi. Biroq u hamon panjara ortida.

Yaqinda AQShning sakkiz senatori O'zbekiston rahbari Islom Karimovga ochiq maktub yo'llab, Solijon Abdurahmonov va u singari jamoatchi faollarni ozod etishga chaqirdi.

Solijon Abdurahmonov korrupsiya, ekologiya va inson huquqlari mavzusida yozgan tanqidiy maqolalari uchun bu sovringa munosib ko’rilmoqda. Jamg’arma nazarida jurnalist nohaq qamalgan.

Qoraqalpog’istondagi og’ir vaziyatni yoritgan Abdurahmonov 2008-yil Nukusda giyohvand moddalari savdosida ayblanib 10 yilga qamalgan edi.

Parijda asoslangan “Chegara bimas muxbirlar” tashkiloti uni ozod etishga chaqirib keladi. Bu organning Germaniyadagi bo’limi rahbari Kristiana Mur deydiki, O’zbekiston hukumati adolatli ekanini isbotlamoqchi bo’lsa, olti yildan beri qamoqda o’tirgan muxbirni qo’yib yuboradi.

Solijon Abdurahmonovning ishi nafaqat xalqaro tashkilotlar balki AQSh hukumati va siyosatchilari tomonidan ham ko’tarilgan. Uning yaqinlari O’zbekiston prezidenti Islom Karimovga ochiq xat yo’llab, uni ozod etishni so’ragan.

Abdurahmonovga nisbatan hozirgacha biror marta amnistiya qo’llanmagan.

Huquq himoyachisi Surat Ikromov mahbusning ahvoli bilan tanish.

“Hozir uning sog’ig’i, umuman olganda, yomon emas, lekin avvalroq kasal edi. Qo’yilgan ayblovlar bo’yicha u amnistiyaga tushishi lozim edi, lekin tushmadi. Agar shunday davom etadigan bo’lsa, u yana uch-yarim yil o’tirishi kerak bo’ladi”.

Surat Ikromov nazarida Solijon Abdurahmonovning xalqaro hamjamiyat tomonidan mukofotlanishi umid uyg’otadi.

“Mukofot haqida eshitib juda xursand bo’ldim. Abdurahmonov haqiqatda jasoratli va irodali jurnalist. Aslida uning ustida sud bo’lishi kerak emas edi. Bu bir sharmandali sud bo’ldi. Jurnalistning shuncha yildan buyon qamoqda ushlab turilishi aqlga sig’maydi. Bunday mukofotlar, xalqaro tashkilotlar, davlatlar tomonidan ko’rsatilayotgan e’tibor jurnalistning ozod qilinishini tezlashtirishi mumkin. Har holda shunday umid bor. Ehtimol dekabr oyida kutilayotgan amnistiya Abdurahmonovga ham tegishli bo’lar. Hozir siyosiy mahbuslar masalasida hukumatga nisbatan bosim ko’rsatilayapti, bu natijasini berishi kerak”, - deydi Ikromov.

Qamoqda 64 yoshini qarshilagan Solijon Abduramonov bir necha xalqaro ommaviy axborot vositalarida ishlagan, jumladan “Amerika Ovozi” va “Ozodlik” radiolariga. Jurnalist qamalishidan oldidan “Uznews.net” axborot agentligining Qoraqalpog’istondagi muxbiri edi.

Tashqi dunyo nigohida O’zbekiston so’z erkinligi keskin bo’g’ilgan jamiyatlardan biri. Ayni paytda mamlakatda o’ndan ortiq mustaqil jurnalist panjara ortida.