Pandemiya osiyoliklarga ayniqsa og'ir tushmoqda

  • Amerika Ovozi

Koronavirus pandemiyasi hech bir millat, hech bir elatni ayagani yo’q. Ammo Boston universiteti mutaxassislari o’tkazgan bir izlanish natijasidan ma’lum bo’lishicha, virus osiyoliklar orasida besh karra tez tarqalmoqda.

Xususan, AQShda yashayotgan osiyoliklar COVID-19 natijasida tushkunlikka tushgan.

“Ulkan falokat boshimizga tushdi. Hayotimda ilk bor bunday holatga yuz tutyapman. Ko’p odamlar o’lyapti. Men tanigan odamlar ham”, - deydi koreys millatiga mansub Tey Kim ismli amerikalik.

Pandemiya paytida ko’p odamlar tushkunlikka tushdi. Ayniqsa osiyoliklar.

“Ish yo’qotishlar, ijara haqini to’lay olmaslik kabi asabiylashishga olib keluvchi omillar osiyoliklar orasida ko’p uchramoqda”, - deydi Boston universiteti tadqiqotchisi Ketrin Ettman.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tergovchilari yanvar oyida Xitoyning Uxan shahriga borib, koronavirus qanday kelib chiqqanini aniqlamoqchi.

AQSh hukumati bu ishda Pekinni aybladi, ko’p amerikaliklar ham shunday fikrda. Ba’zilari hatto AQShda yashovchi xitoyliklar va boshqa osiyoliklarga adovat bilan qaray boshlagan.

“Maktabda buni his qildim. Fevral-mart oylarida kollejimizga Xitoydan bir necha talaba kelgan edi. Ularga ko’p hujum qilishdi”, - deydi Jasmin Ong ismli amerikalik-xitoylik talaba.

“Oldingi izlanish natijalaridan shunisi ma’lumki, odamlarni irqiga va millatiga qarab ajratish sog’liqqa zarar”, - deydi Ettman.

Boston universiteti tadqiqotidan ispanzabon aholining ham tushkunlikka tushgani ma’lum bo’ldi. Yoshlar, kam daromadli amerikaliklar orasida ham shunday holat kuzatilgan.

Psixologiya bo’yicha professor Alison Xolmanning aytishicha, aybni osiyoliklarga to’nkash noto’g’ri, birdam bo’lish kerak.

“Virus tarqalishining kamayishiga hamda xalq salomatligini oshirishga yetaklovchi xulq va jarayonlarga turtki berish, odamlarga ko’maklashish kerak”, - deydi u.

Xolman bayram kunlarida ruhiy stress kuchayishini bashorat qilmoqda.

“Odamlar bazm qilishni o’rniga uylarida qamalib o’tirishadi. Do’stlar, oila a’zolari bir-biriga qo’ng’iroq qilib, xol-ahvol so’rab turish o’ta muhim. Tushkunlik, yakkalanish, yolg’izlanish asoratlarini kamaytirish kerak”, - deydi mutaxassis.