Pandemiyaning turizm sanoatiga salbiy ta'siri

  • Amerika Ovozi

Koronavirus pandemiyasi natijasida qator boshqa sohalar bilan birga turizm sanoati ham katta zarar ko’rdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 30-dekabr, 2020-yil

Injilga ko’ra Iso payg’ambarning tug’ilgan joyi deb e’tirof etilayotgan Baytlahm shahrida pandemiya tufayli bayram shukuhi sezilmadi, odatda yilning bu paytida shaharga keluvchi minglab xalqaro sayyohlar ko’rinmadi, suvenirlar do’konlari, otellar, restoranlar yopiq.

Archa bayramini yoqish marosimida qatnashish, Rojdestvo kechasidagi ibodat cheklangan sondagi odamlarga nasib qildi.

Asosan turizmdan daromad ko’ruvchi bu shahar iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Biroq bunday vaziyat yolg’iz Baytlahmda emas.

Misrda 2011-yildagi inqilobdan so’ng sayyohlik ancha tushgan edi. Xorijiy mehmonlar asta-sekin ko’paya bordi, to’g’ridan-to’g’ri aviareyslar tiklandi, biroq COVID-19 bu sanoatga yana bir zarba berdi.

Yaponiyada chegaralar yopilishi bilan sayyohlarning sevimli joylari huvillab qoldi. Mamlakat koronavirusga qarshi samarali kurashdi, ammo pandemiyaning iqtisodiyotga ta’siri izsiz o’tmadi.

Yaponiya yozda o’tishi kerak bo’lgan Olimpiya o’yinlarini qoldirishga majbur bo’ldi, bu esa tashkilotchilarga bir necha milliard dollarga tushadi. Olimpiada 2021-yilga ko’chirildi, biroq musobaqalar qanday shaklda o’tadi, qaysi mamlakatlardan muxlislar kela oladi, hozircha noma’lum.

Isroil uchinchi marta to’liq karantin joriy etdi, turizm bilan shug’ullanuvchi bizneslar, Qizil dengiz bo’yidagi Eylat kurort shahri ayniqsa zarar ko’rdi.

Isroil janubidagi bu shaharni 2019-yilda 2,5 million sayohatchi ziyorat qilgan edi, ishsizlik atigi 3 foiz atrofida edi. Shahar aholisining salkam 80 foizi turizm hisobiga kun kechiradi. Joriy yil oktabrida ishsizlik sur’ati 75 foizga ko’tarildi.

“Eylat arvoh shaharga o’xshab qoldi, hech narsa yo’q. Men ham hech vaqo ishlab topmayapman”, - deydi Yigal Zohar ismli taksi haydovchisi.

Qirg’izistonda ham endi-endi rivojlanayotgan turizm sanoati qattiq zarar ko’rdi. 2018-yilda mamlakatga 7 million, 2019-yilda esa 8,5 million odam sayohat qilgan edi. Sayyohlik iqtisodiyotning 8 foiziga to’g’ri kelib, aholining 8,5 foizi unda band edi. Biroq pandemiya 2020-yilga bo’lgan barcha umidlarni puchga chiqardi.

Mehmonxonalar narxlarini 50 foizga tushirishga majbur bo’ldi, biroq oromgohlar deyarli bo’sh turdi. Turizm bilan shug’ullanuvchi rasmiylarga ko’ra, mamlakatdagi mehmonxonalarning 40 foizi ishlamadi.

Ayrim kompaniyalar sayohatga o’ch, ammo mamlakatdan chiqa olmaydigan odamlarga innovatsion sayohat taklif etdi. Tayvan aviakompaniyasi yo’lovchilarni orol uzra aylantirib, ayni aeroportga qaytardi.

Singapurda esa odamlar aeroportda turgan samolyot ichida ovqatlanib, kino ko’rish imkoniyatiga ega bo’ldi.

Yevropada koronavirusning ilk qurboniga aylangan Italiya Venetsiyadagi 77-xalqaro kinofestivalni qoldirmaslikka qaror qildi. Filmlarni tomosha qilish paytida odamlar niqobda o’tirdi, kinoteatr zallari 50 foizga tomoshabin qabul qildi, xolos, qizil yo’lakcha, paparatstsilar bo’lmadi.

Virusning ikkinchi to’lqinidan so’ng mamlakatda qo’shimcha cheklovlar joriy etildi.

2019-yilda Ruanda sayyohlik hisobiga 490 million dollardan ko’p pul ishladi. Biroq 2020-yilda pandemiya sabab chegaralar yopilib, daromad ancha qisqardi.

Ruandalik tadbirkor Patrik Karangva texnologiyalar yordamida sayyohlarni mamlakatga qaytarmoqchi. U internetda virtual voqelik turlarini tashkil etib, xorijiy turistlar diqqatini qaratmoqchi.

Mamlakat turizm bobidagi bunday texnologik tashabbuslarni olqishlab, 50 million dollar sarmoya qildi.

“Pandemiya bu sanoatga qattiq zarba berdi, ammo mening biznesim uchun bu bir imkoniyat yaratdi”, - deydi Karangva.

Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotining salkam 10 dan bir qismi turizmga to’g’ri keladi. Sayyohlikdan odatda katta daromad oluvchi Gretsiya, Fransiya, Ispaniya va Italiya kabi mamlakatlarda millionlab odamlar ishsiz qoldi.

Chegaralar yopiqligi bois xorijga chiqish imkoniyatidan mahrum bo’lgan rossiyaliklar yozgi ta’tilni o’z mamlakatida o’tkazdi, mahalliy tabiat go’shalarini kashf qildi. Ayniqsa Nijniy Novgorod viloyatidagi mana bu tabiiy landshaft ko’plab mahalliy sayyohlarni o’ziga qaratdi. Odamlar daryo bo’yiga kelib, chodirlarda tunadi, qayiqlarda aylandi.

Pandemiya ayrim turoperatorlarga zarar keltirgan bo’lsa, bundan foyda ko’rganlar ham bo’ldi. Masalan, Bosniyaning Neum shaharchasi katta shaharlardagi yirik otellar va oromgohlar yopilganidan foydalanib, yozda ko’plab sayyohlarni qabul qildi. Biroq mamlakatning Sarayevo, Mostar, Medjugorye kabi turistik makonlariga sayyohlar oqimi 80 foizga tushdi.

Olti oylik karantindan so’ng iyul oyida Ugandada turizm sektori ochila boshladi. Pandemiyadan oldingi yilda mamlakat turizmdan 1,4 milliard dollar daromad ko’rdi. Yalpi ichki mahsulotning 7 foizi shu sektorga to’g’ri keladi. Biroq pandemiya sabab salkam 700 ming odam band bu soha katta zarar ko’rdi, ko’plar ishsiz qoldi.

2019-yilda Ugandani 1,4 million sayyoh ziyorat qilgan bo’lsa, 2020-yilning mart oyidan iyunigacha chegaradan birorta odam o’tmadi.

Turizm va xizmatlar hisobiga kun kechiruvchi yana bir manzil Gonkong bo’lib, orol shaharda ko’plab cheklovlar joriy etildi. Sentabr oyida koronavirusga chalinish sur’ati deyarli nolga yetganidan so’ng yanvar oxirida yopilgan “Disneylend” qayta ochildi. 7,5 million aholiga ega Gonkongda asta-sekin boshqa bizneslar ham ochila boshladi.