Nyu-yorklik psixoterapevt Amina Vudsning aytishicha, koronavirus pandemiyasi insonlar va xususan, tibbiy xizmatchilar ruhiy salomatligiga jiddiy ta’sir ko’rsatgan.
Your browser doesn’t support HTML5
"Odamlarning ahvoli yaxshi emas, charchashgan, haddan ko’p ishlashgan”, - deydi mutaxassis.
So’nggi paytlarda Amina Vuds COVID bemorlari bilan ishlagan tibbiyot sohasi xodimlariga xizmat ko’rsatmoqda.
"Tibbiy xizmatchilar va ularning ishini qadrlaymiz, ammo ularning hozirgi ishi jismoniy va ruhiy salomatligiga qanchalik ta’sir qilayotganiga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti deb o’ylayman”, - deydi Vuds.
Bu global muammo, deydi rasmiylar.
"Pandemiya tibbiy xizmatchilarning oila a’zolari, mahallalari, jismoniy va ruhiy salomatligiga jiddiy zarar yetkazdi. Xavotirlanish, depressiya, uyqusizlik, asabiylashish kuchaydi”, - deydi Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus.
Psixoterapevt Vuds ham ruhiy charchoqqa uchraganini aytadi.
“Ba’zan o’zimni tartibsiz, e’tiborsiz, xavotirda his qilaman”, - deydi u.
Bu esa o’z navbatida bir yildan oshiq vaqt davomida uyda o’tirishga majbur bo’lgan farzandlarga ham ta’sir qilmoqda.
"O’g’limning ijtimoiy, ruhiy salomatligi zarar ko’rdi. Uni bu qadar xomush va tushkun ko’rmaganman”, - deydi Amina Vuds.
Amerika psixologlari jamiyati yaqinda o’tkazgan bir izlanish natijasidan ma’lum bo’lishicha, har 10 tibbiy xizmatchidan uchtasi pandemiya boshlanganidan beri ruhiy salomatligi yomonlashganini bildirgan.
"Ba’zan qattiq tushkunlikka tushib qolsam, vannaxonaga kirib, yig’lab-yig’lab olaman, shunda ancha yengil tortaman”, - deydi Vuds.