Koronavirus pandemiyasi - AQSh saylovlaridagi markaziy mavzu

  • Amerika Ovozi

AQSh saylov kampaniyasida pandemiyaga qarshi kurash mavzusi muhim rol o’ynamoqda. Prezident Donald Tramp Floridada yoshi ulug’ saylovchilar bilan uchrashib, pandemiya tugashiga oz qolganini, koronavirusga qarshi vaksina tez orada tayyor bo’lishini aytdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 20-oktabr, 2020-yil

“Umid va ishonchni yo’qotmang. Tunnel oxiri ko’rinyapti. Virusdan nobud bo’lgan insonlar qurbonliklari behuda bo’lmadi”, - dedi Tramp.

Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jo Bayden AQShda virusga uchrash holati kuchayayotganini aytib, Trampni muammoni pasaytirib ko’rsatishga harakat qilayotganlikda aybladi.

“Pandemiya yo’qolayotgani yo’q. Aksincha yana kuchayayapti. Bashorat etilganiday avj olmoqda”, - dedi Bayden.

Shu kungacha AQShda koronavirusdan 225 mingdan ziyod odam nobud bo’lgan. COVID-19 iqtisodiy tanazzulga ham sabab bo’ldi. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, odatda saylov mavsumida muhim ahamiyatga ega erkin savdo, immigratsiya, sog’liqni saqlash, iqlim o’zgarishi, abort qilish huquqi, qurol nazorati kabi mavzular pandemiya soyasida qolib ketdi.

“COVID-19 hozir ularning o’rnini egalladi. Boshqa mavzular ham bor, ammo bunisi yangi, oldingi saylovlarda bo’lmagan. Pandemiya nomzodlar pozitsiyasini belgilamoqda, odamlar ham shunga qarab ovoz berishi kutilyapti”, - deydi Texasdagi Rays universitetida siyosatshunoslik bo’yicha professor Mark Jouns.

Tramp ma’muriyatining pandemiyaga doir siyosati ikki yirik partiya o’rtasidagi tortishuvlarga sabab bo’lmoqda. Respublikachilar virusni nazorat etishda qattiq karantin choralariga qarshi, shaxsiy huquqlarning niqob taqish va ijtimoiy masofani saqlash qoidalaridan ustunligiga urg’u bermoqda.

“Munozaralar xoh niqob haqida bo’lsin, xoh davlatning jamoatchilik salomatligini ta’minlash yoki boshqa masalalardagi roli darajasi haqida bo’lsin, ayni paytda avj olmoqda”, - deydi respublikachi strateg Mett Terril.

Bayden va demokratlar kasallanish sur’atini tushirish hamda biznes faoliyatni eski holiga qaytarish uchun kollektiv mas’uliyatni kuchaytirishga chaqirmoqda.

Ommaviy so’rovlarda Bayden hozircha katta farq bilan oldinda ketmoqda.