Fransiya politsiyasi Parij shimolidagi muhojirlar lageridan minglab odamlarni ko'chirgan.
Poytaxt ko'chalarida Afrika va Afg'onistondan kelgan qochoqlar o'rnashib olgan. Hududda chechak tarqala boshlagani haqida taxminlar bor.
Migrantlar juma ertalab avtobuslarda vaqtinchalik boshpana tomon ko'chirila boshlagan.
Gumanitar yordam tashkilotlarining bildirishicha, oxirgi haftalarda Parijda, metro bekatlari yonida 2-3 ming muhojir chodir o'rnatib joylashib olgan.
Rasmiylar muhojirlarni muntazam ravishda poytaxtdan ko'chirib keladi. O'tgan hafta hukumat Kale shahridagi yirik qochoqlar lagerini yopgan va minglab odamlar hanuz tekshiruv idoralarida qolmoqda.
Kaledagi ayrim migrantlar Parijga qochgan va Yaqin Sharq va Afrikadan kelib o'rnashgan minglab boshqa qochqin oilalarga qo'shilgan.