AQSh va olti mamlakatning 80 dan ziyod millionerlari kollektiv maktub yozib, o’z hukumatlaridan soliqlarni oshirishni so’radi. Ularning aytishicha, insonlarning iqtisodiy turmushini og’irlashtirayotgan koronavirus pandemiyasi yana bir necha yil davom etishi mumkin va yolg’iz xayriyalar bilan pandemiyaning salbiy oqibatlarini bartaraf etib bo’lmaydi.
“Hozirgi vaziyat davom etishi mumkin emasligini boylar tushunishi kerak. Namoyishlarni ko’rdik, COVID inqirozi tufayli ishsiz qolgan millionlab odamlarni ko’ryapmiz. Menga o’xshagan sarmoyadorlar boyishda, oddiy odamlar esa qashshoqlashishda davom etmoqda. Bu to’g’ri emas”, - deydi o’zini “Vatanparvar millionerlar” deb atovchi guruh raisi Morris Pyorl.
“Forbs” jurnaliga ko’ra, dunyoda millionerlar soni bo’yicha Amerika birinchi o’rinda – 18,5 milliondan ziyod amerikalikning bank hisobida bir milliondan ziyod puli bor.
Ayrim ekspertlarga ko’ra, boylar kam soliq to’lamoqda. Guruh o’ta badavlat odamlar daromadiga solinayotgan soliq uch foizga oshirilsa, kelasi 10 yilda bir milliard dollardan oshiq pul jamg’arish mumkinligini bildirmoqda.
“Bu davomiy bo’lishi kerak, chunki AQShda COVID-19 dan ko’rilgan zararning bu qadar qattiq bo’lishi ko’pdan beri davom etayotgan muammolar bilan bog’liq, kam daromadli mahallalar ehtiyojlari uchun yetarlicha pul ajratilmayotgani bilan bog’liq”, - deydi “Soliq va iqtisodiy siyosat instituti”dan Eymi Xanauer.
Biroq ayrimlar yolg’iz soliqlarni oshirish bilan ish bitmasligini, buning boshqa yo’li borligini aytadi. Respublikachilar odatda soliqlar oshirilishiga qarshi bo’lib kelgan.
“Soliq to’lovchilar vashingtondagilarga qarab o’tirishi, soliqlar rasman oshirilishini kutishi shart emas. Boylar himmatiga qarab vazirlikka to’g’ridan-to’g’ri o’z yonidan pul o’tkazib turishi mumkin”, - deydi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Jeyms Petokukis.
Mutaxassislarning aytishicha, 2021-yilda AQSh byudjet kamomadi rekord darajaga yetishi kutilmoqda. Demak, boylarga soliqlarni ko’tarish da’vatlari yangidan yangraydi.