11-sentabr xotiralari: Pentagon xuruji guvohlari bilan suhbat

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

15 yil oldin AQSh Mudofaa vazirligi hujumga uchradi. O'shanda o'g'irlangan yo'lovchi samolyoti Pentagonga kelib urilgan, hodisada samolyot bortidagi barcha yo'lovchilar va binodagi 125 odam halok bo'lgan edi. "Amerika Ovozi" o'sha og'ir kunlarni boshdan kechirgan amerikaliklar bilan suhbatlashdi.

"Bu yer muqaddas joy. 11-sentabrda shu yerda turganman".

"Bu odam hayotini o'zgartiradigan darajada katta voqea bo'lgan edi", - deya o'sha ma'shum kunni xotirlaydi jurnalist Jeymi Makintayr.

"Pentagonda 184 kishi o'ldi, 125 tasi binoda, 59 tasi samolyotda. Vashingtonda politsiyachi bo'lib ishlagan qayin og'am aytgandi, ichkaridan chiqmaganlar bo'lsa, o'lgani aniq, deb. Agar fojeadan keyin 4-5 soat ichida bino ichidan kimdir chiqmagan bo'lsa, demak, u boshqa yorug' dunyoga chiqmaydi", - deydi Pentagonda ochilgan xotira yodgorligi rahbari Jeyms Leychek.

"Bu binoni, qal'adek mustahkam afsonaviy majmuaning qulashini ko'rish va unda ko'plab odamlar o'lganini his qilish juda og'ir. O'sha kunlar dunyo o'zgarayotganini his qilgan edik", - deydi jurnalist Makintayr.

"11-sentabr kuni Pentagonda ukam Deyv halok bo'lgan. Uning xotirasini qadrlash, bu yerda o'lgan barcha insonlarni xotirlash va odamlarga o'sha kuni nima bo'lganini estlatish mening vazifam".

"Kirishingiz bilan hujumning boshlang'ich nuqtasini ko'rasiz. 2001-yil, 11-sentabr va hujum vaqti ertalab 9:37 deb yozib qo'yilgan".

"Dastlabki ikki o'tirg'ichga qarasangiz, hujum 2001-yil ro'y bergan, lekin unda 1998-yilga ko'zingiz tushadi. Shunda bu qurbonning uch yashar qizcha Dana Falkenberg ekanini anglaysiz. U ota-onasi bilan samolyotda halok bo'lgan. Qizcha nomidagi o'tirg'ich Pentagonga yuzlashgan. Uning nomini o'qir ekansiz, orqada osmonni ko'rasiz. Bu esa uning 77-reysda halok bo'lganini ifodalaydi".

"Bu mening ukam Deyvga atalgan kursi. U 1961-yildagilar qatorida. Bu uning tug'ilgan vaqtini ko'rsatadi. Uning nomini o'qisam, orqada Pentagon binosi ko'rinadi. Bu uning shu binoda halok bo'lganini anglatadi".

"O'rindiqlar joylashuvida samolyotning binoga urilish yo'nalishi ham hisobga olingan. Ularga qarab, samolyot urilgan joyning mo'ljalini olasiz. Dizaynerlar hech qayerga o'xshamaydigan maskan bo'lishini xohlashgan. Chunki 11-sentabr boshqa hech bir kunga o'xshamaydi", - deydi yodgorlik prezidenti Jeyms Leychek.

11-sentabr Pentagon xotira jamg'armasi ayni paytda yodgorlik qoshida axborot markazi ochish uchun pul to'plamoqda. Tashrif buyurganlar bu yerda 11-sentabr xuruji haqida batafsil ma'lumot olish imkoniga ega bo'ladi.