Aksariyat amerikaliklar Rossiyani g’anim deb bilsa-da, yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijasi harbiy oilalarda Rossiyaga nisbatan munosabat ijobiy tomonga o’zgarayotganiga ishora qilmoqda.
Sobiq prezident Ronald Reygan nomidagi jamg’arma va institut qatorasiga ikkinchi yil milliy mudofaa mavzusida so’rov o’tkazgan. Unda qatnashgan harbiy oilalarning salkam yarmi, ya’ni 46 foizi Rossiyani ittifoqchi deb bilgan. Umuman olganda esa so’rov natijasiga ko’ra, amerikaliklarning 28 foizi shunday fikrda. Bu o’tgan yilgidan 9 foiz ko’p.
Sotsiologlarning ta’kidlashicha, Rossiyaga xayrixohlik bildirganlarning aksariyati AQSh Prezidenti Donald Trampning Rossiya haqidagi ijobiy qarashlariga hamohang fikrlar bildirgan respublikachilarning elektoratidir.
So’rovda qatnashgan amerikaliklarning 71 foizi va harbiy xonadonlarning 53 foizi Rossiyani dushman deb bilsa-da, Mudofaa vazirligi rossiyaparast kayfiyat oshganidan xavotirda.
“Rossiya matbuot orqali yolg’on ma’lumotlarni tarqatish bilan jamiyatimizda shubha va tartibsizlik urug’larini sochishga harakat qilmoqda”, - deydi Pentagon matbuot kotibasi, podpolkovnik Karla Glizon.
Unga ko’ra, xayrixoh qarashlarni uyg’otish maqsadida Rossiya nafaqat qarama-qarshi va gij-gijlovchi, balki yolg’on ma’lumot tarqatmoqda.
“Rossiya yolg’onlarini ko’rganda ularni fosh qilishga va qarshi turishga harakat qilyapmiz”, - deydi Pentagon vakili.
AQShda Rossiyaga munosabat iliqlashganini nafaqat bu, balki boshqa so’rov natijalaridan ham bilsa bo’ladi. Masalan, “Pyu” tadqiqot markazi 2018-yil sentabrida uyushtirgan so’rovda qatnashgan amerikaliklarning 35 foizi Rossiya bilan hamkorlik tarafdori ekanini bildirgan edi.
Bu raqamlar AQSh rasmiylarini xavotirga solmoqda. Ba’zilarining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiya 2018-yil noyabridagi Kongress oraliq saylovlarini ko’zda tutgan holda AQSh harbiylarini 2017-yildan beri nishonga olib keladi.
Ularga ko’ra, Rossiyaning asl maqsadi saylov natijalariga ta’sir qilish emas, balki AQSh harbiylarini kelajakda Rossiya va uning harakatlariga ijobiy yondashishga undovchi dezinformatsiya yetkazish bo’lgan.
“Jarayon amalda ekanidan xabardormiz, shu sabab, diqqat-e’tiborimizni oshirganmiz”, - degan edi o’sha paytda mudofaa vazirining kibersiyosat bo’yicha yordamchisi o’rinbosari lavozimini egallagan Ed Vilson.
Tahlilchilar va sobiq rasmiylarning aytishicha, siyosiy muhit va Oq uydan qilinayotgan bayonotlar bois Rossiyaning Amerika harbiylari va jamiyatiga qarshi qaratilgan harakatlarini qaytarish oson kechmayapti.
“So’nggi ommaviy so’rovlar odatda Rossiyaga qarshi bo’lgan respublikachilar orasidagi sezilarli o’zgarishlarni ko’rsatmoqda. Prezident Trampning Rossiya va Vladimir Putin haqidagi ijobiy bayonotlari tufayli Rossiya haqidagi eski qarashlaridan voz kechayotgan respublikachilar soni ortib bormoqda”, - deydi Vashingtondagi konservativ “Atlantika Kengashi” tahlilchisi Xorxe Benites.
Markaziy razvedka boshqarmasida 28 yil ishlab, ayni damda Vashingtondagi Jorjtaun universitetida izlanish olib borayotgan Pol Pillarning aytishicha, bu holat AQSh siyosatiga deyarli ta’sir qilgani yo’q.
“Ko’p respublikachilar aksariyat mavzularda Trampga ko’r-ko’rona ergashsa-da, Rossiyaga qarshi harbiy salohiyatni uchlab turish uchun mudofaa xarajatlarini qo’llab-quvvatlaydi. Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarning aksariyati hali ham amalda”, - deydi u.
AQShning ikki yil oldin yangilangan Milliy mudofaa strategiyasida Rossiya va Xitoy AQShga asosiy tahdid deb belgilangan. So’rovlarda ham aksariyat amerikaliklar shunday qarashlarni bildirmoqda.
“So’ralganlarning 28 foizi Xitoyni, 25 foizi esa Rossiyani AQShga eng katta tahdid deb aytishdi”, - deydi Ronald Reygan Instituti xodimi Reychel Xoff.