Peruda muvaqqat rahbar ham iste'foga chiqdi

  • Amerika Ovozi

Peruda prezident lavozimini vaqtincha bajarib turgan Manuel Merino iste’foga chiqdi. Kongress yangi nomzod bo’yicha kelishgani yo’q hali.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 16-noyabr, 2020-yil

O’tgan hafta davlatni ikki yil boshqargan rahbar Martin Viskarra impichment natijasida hokimiyatdan olinishi ketidan Merino bu lavozimga vaqtincha tayinlandi. Qonunchilar Viskarrani korrupsiyada ayblab, ma’anaviy jihatdan prezidentlikka noloyiq deb topdi.

Mamlakat rahbarsiz ekan, Peru siyosiy inqirozga yuz tutmoqda. Aholi bundan norozi. Viskarraning iste’fosi g’azab bilan qabul qilindi. Impichmentga bosh bo’lgan Kongress raisi Merinoning prezidentlikka tayinlanishi ketidan norozilik namoyishlari kuchayib, politsiya bilan to’qnashuvda ikki odam o’ldi, mahalliy hukumatlar unga bo’ysunishdan bosh tortdi. Natijada qonunchular Merinoning o’zini ham ketishga da’vat etdi.

Aholi Kongressni hokimiyatni qo’lga olganlikda ayblamoqda. Aytish joiz, deputatlarning yarmi turli jinoyatlarga aloqadorlikda tergov ostida. Viskarra ularni daxlsizlikdan ayirmoqchi edi. Xalq bu tashabbusni qo’llab-quvvatlagan, biroq qonunchilar qarshilik ko’rsatdi.

Deputatlar aprelda bo’ladigan saylovgacha muvaqqat rahbarni tayinlamoqchi, biroq hozircha kelisha olmayapti. So’lchi inson huquqlari faoli Rosio Silva-Santisteban nomzodlardan biri. Agar Kongress yana kelisha olmasa, Oliy Sud tashabbusni o’z qo’liga olishga majbur bo’ladi.