AQSh oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasining maslahat qo’mitasi idoraga Amerikaning “Pfayzer” va Germaniyaning “Biontek” kompaniyalari koronavirusga qarshi ishlab chiqargan vaksinasini favqulodda holatlarda qo’llashga ruxsat berishni tavsiya qildi. Emlash dam olish kunlari boshlanishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident Donald Tramp hafta boshida Oq uyda vaksina bo’yicha anjumanga mezbonlik qildi, biroq prezidentlikka saylangan Jo Baydenning koronavirusga qarshi siyosat bilan shug’ullanadigan vakillarini taklif etmadi.
“Ishni ajoyib uddalashdi. Keyingi ma’muriyatga oson bo’ladi. Umid qilamanki, keyingi ma’muriyat Tramp ma’muriyati bo’ladi”, - dedi saylov natijasini tan olmay kelayotgan va suddagi da’volari orqali Oq uyda qolishga umid qilayotgan Tramp.
Bayden shu hafta pandemiyaga qarshi siyosatini oshkor etdi. U amerikaliklardan prezidentligining birinchi 100 kunida niqob taqishni so’rab, maktablarni ochishga, emlash dasturini jadallashtirishga so’z berdi.
“Birinchi 100 kunda Amerika xalqiga kamida 100 million doza vaksina taklif etiladi”, - dedi u.
Dunyoda shu onga qadar 70 milliondan ortiq odamda koronavirus aniqlangan bo’lsa, 16 millioni AQShda. Bu mamlakatda kuniga 200 mingdan oshiq odamda COVID qayd etilmoqda. 9-dekabr kuni 3200 dan ziyod odam virusdan o’ldi - shu kungacha kunlik rekord natija.
“Jamoatchilik bilan aloqani yo’lga qo’yish, tibbiy xizmatchilar ehtiyojlarini qondirish, vaksina ta’minotida uzilish bo’lmasligini ta’minlash muhimdir”, - deydi “Ikki partiyaviy siyosat markazi”da tibbiy mutaxassis Anand Parex.
Emlash jarayoni tibbiy xodimlar, qariyalar uylari xizmatchilari va yashovchilari, o’tkir kasali borlar va yoshi ulug’lardan boshlanadi. Aholining qolgan qismi aprel-may oylaridan emlana boshlaydi.