Filippin hukumati musulmon isyonchilar guruhi bilan doimiy tinchlik sulhini tuzdi. Rasmiylar musulmonlar ko’pchilikni tashkil etuvchi janubiy hududlarda Bangsamoro nomli yangi avtonom viloyat tuzilishiga rozilik berdi. Ushbu bitim ortidan mamlakatda uzoq yillar davom etgan va 120 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo’lgan urushga barham berilishi kutilmoqda.
Bangsamoro muvaqqat qo’mitasi sulhning ilk loyihasini 31-martgacha prezident idorasiga topshirishi kerak. Shundan so’ng u Kongress tasdig’iga havola etiladi.
Bularning barchasi 2016-yilgi saylovlargacha yakunlanishi kerak.Your browser doesn’t support HTML5
Qo’mita rahbari Muhojir Iqbol hozir turli hukumat idoralari bilan muzokaralar olib borilayotganini aytadi.
“Kogress va hukumatning boshqa idoralari bilan konstruktiv muloqot olib borilmoqda. Kelishuvning muhim bandlarini qonunga aylantirish kerak. Bu ilgari kuzatilmagan yaqin bir hamkorlik”, - deydi u.
Muhojir Iqbol 40 yildan ortiq Filippin hukumatiga qarshi Moro islomiy ozodlik fronti tarkibida kurash olib bordi. 10 yil oldin esa tinchlik muzokaralariga yetakchilik qilishni boshladi. Hozir Bangsamoro nomli yangi avtonom viloyatini tashkil qilish maqsadida tuzilgan muvaqqat qo’mitaga rahbarlik qilmoqda.
Qonun loyihasida viloyatning tuzilishi hamda huquq va vakolatlari ifodasini topishi kerak. Hudud o’z parlamentiga, soliq yig’ish tizimiga hamda xavfsizlik kuchlariga ega bo’ladi. Milliy mudofaa, pul birligi hamda pochta xizmati Filippin markaziy hukumati tomonidan boshqariladi.
Ammo oldinda jiddiy muammolar ham yo’q emas, deydi Filippindagi Tinchlik, zo’ravonlik va terrorizm tadqiqotlari instituti rahbari Rommel Banloy.
“Kongressda Bangsamoro hukumatiga berilayotgan vakolatlardan norozi bo’lganlar bor. Ayni paytda ba’zilar islomiy guruhga katta kuch-qudrat berilayotganidan xavotirda”, - deydi tadqiqotchi.
Banloyning aytishicha, Kongressdagi bahslar uzoq cho’zilishi mumkin. Shuningdek, yangi viloyatning yaratilishi oqibatida ayrim huquqlaridan mosuvo bo’layotgan mahalliy rasmiylar ham qarshilik ko’rsatishi ehtimoli bor. Bundan tashqari, musulmon guruhlari orasida ham kelishuvdan norozi bo’lganlar ko’p, deydi Banloy.
Yangi viloyat 1996-yilgi kelishuv asosida tuzilgan eski avtonom hudud o’rnida tashkil etiladi. 2015-yilda esa uning chegaralarini aniqlash uchun referendum o’tkaziladi. Shundan so’ng 2016-yilda saylov orqali viloyat rahbariyati tanlanadi.
Prezident maslahatchisi Teresita Deles tinchlik sulhining tarafdorlari ko’p, deydi. Ayni paytda muammolar ham talaygina.
“Kogressda Bangsamoro qonunini jiddiy ko’zdan kechirib chiqishimiz kerak. Milliy manfaatlar hisobga olingan holda, qonunning mukammal va oshkora bir ko’rinishda bo’lishini istaymiz. Bu masalada rahbariyatning qarashi yakdil”, - deydi u.
Rommel Banloyning ogohlantirishicha, agar qonun shoshilinch ravishda qabul qilinsa, unda zaif bandlar paydo bo’lishi mumkin. Ammo ilk qonun loyihasi o’zgaruvchan bo’lgani ma’qul, deydi Muhojir Iqbol. Uning aytishicha, qonunni to’ldirish va mukammallashtirish bilan Bangsomoroning yangi parlamenti shug’ullanadi.