Xitoy da'volari Filippinni AQSh bilah harbiy hamkorlikni kuchaytirishga majburlamoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh-Filipping qo'shma harbiy mashqlari

Xitoy bilan Janubiy Xitoy dengizida orol talashayotgan Filippin AQSh bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirmoqda.

Ikki davlat rasmiylari Manilada savdo va mudofaa bobida muzokara qilib, strategik sheriklikni kuchaytirishga kelishib oldi.

Tomonlar dengiz xavfsizligi, Xitoyning Spratli orollariga bo’lgan da’vosi haqida gaplashgan. Filippin ham orollarni o’ziniki deb biladi.

O’tgan hafta bu davlat qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig’ining aytishicha, razvedka Xitoy orolda qurilish olib borayotgani haqida ma’lumot bergan.

Filippin mudofaa vaziri o’rinbosari Pio Lorenzo Batino buni xavotirli hol deb, orolda transport infratuzilmasi tushirilayotganini ham ta’kidladi. Biroq harbiy byudjeti Osiyoda eng kamtar hisoblangan Filippinning qo’lidan hech narsa kelmaydi.

“Mudofaa salohiyatimizni oshirishimiz, zamonaviylashtirishimiz kerak. Buni ancha oldin boshlashimiz kerak edi”, - deydi Batino.

Maniladagi muzokaralarda qatnashgan AQSh mudofaa vazirining yordamchisi Deyvid Shirning aytishicha, Pentagon byudjetida Filippin harbiy ehtiyojlari uchun 40 million dollar ajratilgan.

Filippinda qurolli kuchlar modernizatsiyasi besh yillik reja asosida olib borilmoqda. Dastur 1,8 milliard dollarga tushadi. Shunga qaramay, Filippin harbiy floti va aviatsiyasi qo’shni davlatlarga qaraganda ancha kichik.

Harbiy qudrat bo’lmasa, diplomatiyani ishga solish kerak. Manila aynan shu yo’ldan ketmoqda. Ayni damda xalqaro tribunal uning Xitoyga qarshi da’vosini ko’rib chiqmoqda. Pekin Gaagadagi arbitrajga bu ishga tegishli hujjatlar yubormagan va umuman masalaga sud aralashishiga qarshi.

Xitoy dengizdagi hududlarga haqqimiz bor, deb keladi.

AQSh davlat kotibining yordamchisi Daniyel Rasselning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Xitoyni ASEAN tashkiloti qabul qilgan bayonotga rioya qilishga chaqirib keladi. Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasiga 10 mamlakat kiradi. Guruhning da’volarni xalqaro qonunlar asosida qilishga chaqiruvchi bayonoti yuridik kuchga ega emas.

“Ziddiyatlarni avj oldiruvchi va Xitoyning shubha uyg’otuvchi harakatlari tashvishga molik”, - deydi AQSh rasmiysi.

Filippin tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Evan Garsiyaning aytishicha, Manila muammoning tinch yo’l bilan hal etilishini istaydi, biroq Xitoyning orollardagi qurilishlari va yerlarni o’zlashtirishini ijobiy hol deb bo’lmaydi.