Turkiya hukumati Suriya, Yaman va Iroq fuqarolariga Belarusga uchadigan samolyotlarga chipta sotishni taqiqlab qo’ydi. Turkiyadan Belarusga, asosan, “Turk havo yo’llari” va “Belavia” kompaniyalari parvoz qiladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Yevropa Ittifoqi Turkiyaning ushbu qarorini qo’llab-quvvatladi.
Belarus-Polsha chegarasida Afg’oniston, Yaqin Sharq va Afrikadan kelgan migrantlar Yevropa Ittifoqi hududiga o’tishga harakat qilmoqda.
Ittifoq Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoni ushbu gibrid urushida migrantlardan qurol sifatida foydalanayotganlikda ayblarkan, unga qarshi qo’shimcha sanksiyalar hozirlamoqda.
Xususan, migrantlarni ommaviy tashiganlikda ayblanayotgan Rossiyaning “Aeroflot” kompaniyasi qora ro’yxatga tushishi mumkin. “Aeroflot” ayblovlarni inkor etarkan, Iroq va Suriyaga uchmasligini, Istanbuldan Minskka yo’lovchi tashimasligini bildirdi.
Polsha Chegara xizmatiga ko’ra, payshanba kuni chegaradan 223 marta noqonuniy o’tishga harakat qayd etilgan.
Belarus Davlat chegara qo’mitasi so’zlovchisi Anton Bichkovskiy polyak chegarachilarini radiokarnaylar, projektorlar, stroboskoplar yordamida migrantlarni chegaradan haydashga urinayotganlikda, psixologik bosimda aybladi.
Ukraina Belarus bilan chegarasi xavfsizligini kuchaytirish maqsadida hududga qo’shimcha 8500 askar safarbar etgan. Polsha ham chegarada qo’shinlari sonini oshirgan.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kulebaga ko’ra, Belarus-Polsha chegarasidagi vaziyat migratsiya inqirozi emas, uni gibrid urushi deb atash kerak.
Belarus Mudofaa vaziri Viktor Xreninning aytishicha, Polsha harbiylari sonining chegarada oshirilishining migrantlar inqiroziga aloqasi yo’q.
“Tahdidlar, do’q-po’pisalar, shantajlarni qabul qilmaymiz. Belarus qurolli kuchlari qattiq javob berishga tayyor”, - dedi u.
Bugun Belarus va Rossiya desantchilari Polsha va Litva chegarasi yonida qo’shma mashg’ulotlar o’tkazgan.