Polsha Belarus bilan chegarada qurolli to’qnashuv ehtimoli haqida bong urmoqda. Minglab migrant Yevropa Ittifoqi hududiga kirish maqsadida chegaradagi simli to’siqlardan yorib o’tishga harakat qilmoqda. 12 ming polyak askari hududga safarbar etilgan, migrantlarga qarshi qalampirli sprey va ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llamoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Afg’oniston, Yaqin Sharq va afrikalik migrantlarning aksariyati erkaklar.
“Polshada qolgim yo’q. Germaniyaga bormoqchiman. Germaniyada yashasa bo’ladi, Polshada esa yo’q”, - deydi ulardan biri.
Rasmiy Varshava va Yevropa Ittifoqi Belarus hukumatini migrantlarni ataylab mamlakatga chaqirib va chegara tomon yo’naltirib, qurol sifatida qo’llayotganlikda ayblamoqda.
Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiyga ko’ra, bu Aleksandr Lukashenkoning oldindan rejalangan siyosatidir. Minsk bu da’volarni inkor etmoqda, qo’shni mamlakatni qo’lga qurol olganlikda ayblayapti.
“Bu bir harbiy mashq yoki bizni qo’rqitishga qaratilgan harakat ekani oydin. Bundan tashvishda emasmiz”, - dedi Belarus prezidenti.
Yevropa Ittifoqiga ko’ra, Minsk unga qo’yilgan sanksiyalar uchun shu tariqa o’ch olmoqda. G’arb 2020-yil avgustida Belarusda o’tkazilgan prezident saylovi natijalarini tan olmas ekan, belaruslik namoyishchilarga nisbatan ko’rsatilgan ta’qib va tajovuzlarga javoban Minskka qarshi sanksiya qo’llagan.
“Qo’shma Shtatlar Lukashenko rejimining muhtoj odamlarni qo’rqitib, siyosiy ekspluatatsiya qilganini, migrantlarni chegarasi orqali o’tishga bu kabi shafqatsiz va g’ayriinsoniy tarzda rag’batlantirganini qattiq qoralaydi”, - dedi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.
Polsha chegara hududda favqulodda holat e’lon qilgan, qochqinlar bilan ishlovchi tashkilotlar va jurnalistlarni chegaraga yaqinlatmayapti. Bir necha qochqin jon bergan, minglab odam sovuqda qolgan. Belarus Polshani ma’naviy inqirozga majburlayapti, deydi polshalik tahlilchi Pyotr Buras.
“Biz yeropalik sifatida, inson sifatida Belarus chegarasida arosatda qolgan odamlar fojiasiga befarq bo’la olmaymiz. Bir tomondan, Belarus chegarachilari qochqinlarga Minskka yoki uylariga qaytishga imkon bermayapti, ularni chegara tomon surishyapti, itoat etishmasa, kuch ishlatish bilan tahdid qilyapti. Ikkinchi tomondan esa Polsha chegarachilari ham ularni chegaradan o’tkazmayapti”, - deydi Yevropa Tashqi aloqalar kengashi eksperti.
Gumanitar tashkilotlarning bildirishicha, polshalik askarlar siyosiy boshpanaga loyiq odamlarning chegaradan o’tishiga qarshilik ko’rsatib, Yevropa va xalqaro qonunlarni buzmoqda. Polsha uning harakatlari qonuniy ekanini da’vo qiladi.
Yevropa Ittifoqining ayni damda boshqa siyosiy masala bo’yicha Polsha bilan aloqalarining tarang bo’lishiga qaramay, tashkilot uni migrantlar masalasida to’liq qo’llab-quvvatlamoqda va Belarus hukumatiga qarshi yangi sanksiyalarni hozirlamoqda.
Belarusga chegaradosh va g’anim yana bir davlat – Litva ham chegarachilar sonini oshirmoqda.