Polsha AQShdan doimiy harbiy baza o'rnatishni so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar Polshada doimiy harbiy baza o’rnatish ustida o’ylanmoqda. Prezident Donald Tramp Oq uyga tashrif buyurgan Polsha rahbari Andjey Duda bilan matbuot anjumanida shu haqda ma’lum qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 19-sentabr, 2018-yil

Polsha baza qurilishiga pulning bir qismini ajratishga tayyor. Duda bazaga “Fort Tramp” deb nom bermoqchi.

Ikki rahbar Vashingtondagi uchrashuv chog’ida mudofaa bobidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.

“Polsha rahbarlari mudofaa uchun yetarlicha pul ajratmoqda, NATO byudjetiga ham zarur miqdorda hissasini qo’shmoqda. Hatto yalpi ichki mahsulotining ikki foizidan ortig’ini mudofaaga sarflashmoqchi. Biz bundan xursandmiz”, - dedi Tramp.

Andjey Duda Trampdan Polshaga qo’shimcha amerikalik askarlarni yuborishni, Rossiya tahdidining oldini olish uchun doimiy harbiy baza qurishni so’radi. Buning uchun ikki milliard dollardan ko’proq pul ajratishga tayyormiz, dedi u.

“Bazaga “Fort Tramp” deb nom qo’yishimiz haqida janob prezidentga ma’lum qildim”, - dedi Duda.

Mart oyida Polsha AQShdan “Patriot” raketaga qarshi mudofaa tizimini xarid qilish to’g’risida rekord bitim imzoladi. Kelishuv qiymati 4,75 milliard dollar atrofida baholanmoqda.