Yevropa Ittifoqi bilan birdamlikni namoyish etish maqsadida 100 ming polshalik poytaxt Varshavada to’plandi. Polsha sobiq bosh vaziri, Yevropa Kengashining sobiq prezidenti va hozirda “Fuqarolik platformasi” muxolif partiyasini boshqarayotgan Donald Tusk ulardan biri bo’ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Biz bu yerga nima uchun to’plandik? Soxta sud va sudyalar mantiyasini kiyib olgan bir guruh masxarabozlar partiyasi rahbarining ko’rsatmasiga binoan va konstitutsiyaga zid holda Polshani Yevropa Ittifoqidan chiqarishga qaror qildi”, - dedi Tusk.
O’tgan hafta Polsha Konstitutsion sudi milliy konstitutsiya Yevropa Ittifoqi qonunlaridan ustun degan qaror chiqardi. Ittifoq qonunchiligining ustuvorligi tashkilotning huquqiy asoslaridan biridir. Bryussel Polsha jazolanishi haqida ogohlantirdi.
“Polshadagi vaziyat bo’yicha Yevropa sudining yangi qarorlarini kutyapmiz. Kundalik moliyaviy sanksiyalar joriy etilishi ehtimoli bor”, - dedi Yevropa Ittifoqining adliya masalalari bo’yicha komissari Didye Reynders.
Jarima kuniga bir million dollar bo’lishi mumkin. Iyul oyida Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy Polsha hukumatini adliya ishlariga aralashayotganlikda ayblagan Yevropa Ittifoqi sudining ikkita qarorini bajarishdan bosh tortib, Konstitutsion sudga shikoyat yo’lladi.
Bosh vazir sud faoliyatiga aralashayotganini inkor etarkan, Polshaning Yevropa Ittifoqidan chiqish niyati yo’q, dedi.
Moravetskiy tarafdorlari qarshi namoyishlar uyushtirib, Polsha hukumati Yevropa Ittifoqi sudi qarorlariga adolatli ravishda norozilik bildirganini, tashkilot mamlakat ichki siyosatiga tobora ko’p aralashayotganini aytadi.
Ba’zilar bo’layotgan voqealarni “Poleksit” deb atamoqda.
“Polshaning Yevropa Ittifoqidan chiqish tahdidi bo’rttirilgan. Aholining 80 foizidan ko’pi ittifoq tarafdori. Polsha Yevropa Ittifoqi bozorlari va moliyaviy yordamiga tobe, jumladan o’tgan yili COVID-19 dan yordam berish bo’yicha kelishilgan jamg’armaga”, - deydi Yevropa Tashqi aloqalar kengashidan Pyotr Buras.
Jamg’armada 66 milliard dollar bo’lib, Yevropa Ittifoqi Varshavadan adliya tizimini isloh etishni talab qilarkan, aks holda pul ajratilmasligini bildirmoqda.
Polsha va Vengriya kabi ayrim a’zo davlatlar qonun ustuvorligi, matbuot erkinligi, ozchilikdagi guruhlar masalalarida Yevropa Ittifoqi bilan bir necha bor tortishgan.
“Populist, avtokratik hukumatlar Yevropa qoidalari va qonunlarini pisand qilmay tashkilot asoslarini yemirmoqda. Yevropa Ittifoqi bunga ko’z yumadimi, yo’qmi, hozir asosiy savol shu”, - deydi tahlilchi Buras.
Ittifoq rasmiylarining aytishicha, siyosiy blok asosiy tamoyillariga rioya qilmasa, parchalanishi aniq. Polsha hukumati hozircha yon bergisi yo’q.