AQShdagi faollar politsiyaga inson yuzini aniqlovchi texnologiya berilishiga qarshi. “Maykrosoft” kompaniyasi bunday texnologiyani tartibga soluvchi federal qonun qabul qilinmaguncha uni politsiya boshqarmalariga sotmasligini e’lon qildi. IBM, “Amazon” kompaniyalari ham Jorj Floyd o’limidan so’ng bu texnologiya savdosini cheklashini ma’lum qilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Tanqidchilar nazarida, yuzni aniqlovchi texnologiyada kamchiliklar bor.
“Texnologiya ayollar, yoshlar va tanasining rangi to’qroq bo’lgan odamlarni aniqlashda xato qiladi. U turli ma’lumotlar bazasi, jumladan, politsiya ma’lumotlar bazasidagi suratlar bilan ishlaydi, ammo bu bazalarda, asosan, qora tanlilar, ozchilikdagi guruhlar vakillari, transgender ayollar ko’p bo’lgani uchun yuzni aniqlashdagi xatolar jinoyat huquqi tizimidagi adolatsizliklarni yanada kuchaytiradi”, - deydi “Elektron chegara jamg’armasi” tashkilotidan Natan Shierd.
“Vashington Post” gazetasiga ko’ra, ushbu texnologiya osiyolik va qora tanli qiyofadagi odamlarni aniqlashda oq tanlilarga qaraganda 100 baravar ko’p xato qiladi. Bundan tashqari, bu insonning shaxsiy hayotiga ham aralashadi.
“Odamlar Konstitutsiyaning Birinchi tuzatishi kafolatlovchi uyushish erkinligidan foydalanishdan o’zini tutishi, doimiy kuzatuvda ekanidan xavotirlanib, istagan tibbiy klinikasi yoki diniy muassasasiga borishdan qo’rqib qolishi mumkin”, - deydi Shierd.
Kongress Vakillar palatasining Nazorat va islohot qo’mitasida o’tgan yili bo’lgan tinglovda yuzni aniqlash texnologiyasining hukumat va yuridik shaxslar tomonidan ishlatilishi muhokama qilingan edi.
“Texnologiya tahqirlash va nazoratsiz ishlashga imkon bergani, texnik kamchiliklarga boy bo’lgani sabab Kongress politsiyaga undan foydalanishni vaqtincha man qilishi kerak”, - deydi “Algoritmik adolat ligasi” tashkiloti asoschisi Joy Buolamvini.
Ilg’or texnologiya bilan shug’ullanuvchi ko’plab kompaniyalar joylashgan San-Fransisko shahar kengashi yaqinda politsiya va amaldorlarga yuzni aniqlovchi texnologiyadan foydalanishni man qildi. Illinoys shtatida qabul qilingan qonunga muvofiq kompaniyalar barmoq izlari, yuzni skanerlash kabi biometrik ma’lumotlarni to’plashdan oldin yozma ruxsat olishi kerak.
“AQSh Kongressining 28 a’zosini adashtirgan bu texnologiya boshqa hukumatlar qo’liga tushsa, falokat bo’ladi”, - deydi San-Fransisko nazoratchilari kengashidan Aaron Peskin.
Dunyo bo’ylab hukumatlar ushbu texnologiyani qo’llashga kirishgan. Avstraliya yuz biometrik ma’lumotlar bazasini yaratmoqda, Britaniyaning ayrim joylarida yuzni aniqlovchi zonalar tashkil etilgan. Xitoy esa undan hamma narsani nazorat qilishda foydalanmoqda. Hatto ijtimoiy hojatxonalarda tualet qog’ozining to’g’ri taqsimlanishini nazorat qilishda.
Hozirgi smartfonlarda ham yuzni aniqlovchi texnologiya o’rnatilgan.
Biometrik ma’lumotlar bilan shug’ullanuvchi kompaniya asoschisi Bryus Xensonning aytishicha, bu texnologiya hali-beri yo’q bo’lmaydi.
“Texnologiya qanday ishlatilayotganini tekshirib turish juda muhim, biroq undan voz kechish internetda yomon narsalarni o’rganish mumkinligi uchun internetdan voz kechish degan gap bilan tengdir”, - deydi mutaxassis.
AQShda yuzni aniqlash texnologiyasi to’g’ri ishlatilishini nazorat qilishga nafaqat uni ishlab chiqaruvchi ilg’or texnologik kompaniyalar, balki qonunchilar ham mas’ul bo’lishi kerak.