Poliomiyelit Afg'oniston va Pokistonga hamon tahdid solmoqda

  • Amerika Ovozi

O’tgan yili Afg’oniston va Pokistonda o’nlab odam poliomiyelitga uchragan. Bu 2018-yilga qaraganda ancha ko’pdir. Rasmiylar bolalarini emlatishdan bosh tortayotgan ota-onalarni ayblarkan, vaksinatsiya haqida aholi orasida noto’g’ri ma’lumot tarqalayotganini hamda jangarilar tahdidlarini ham sabab qilib ko’rsatmoqda.

2019-yilda Pokistonda 130 dan oshiq, Afg’onistonda esa 28 ta poliomiyelit holatlari qayd etilgan. Tibbiy mutaxassislarning aytishicha, bunga, asosan, ota-onalarning beparvoligi hamda emlash haqida noto’g’ri ma’lumot tarqatilayotgani sabab bo’lib, millionlab bolalar virus oldida himoyasiz qolmoqda.

Oysha ismli pokistonlik qiz poliomiyelitning ayovsiz asoratidan bexabar ota-ona qurboniga aylandi. Ular qizini emlashdan bosh tortgan edi.

“Bir kun singlim bilan ketayotgan edik. U menga tezroq yurishimni aytdi. Men esa tez yurolmasdim. “Oysha, oyoqlaring menikiday bo’lganida yugurib ketardik” dedi u. Shunda rosa xafa bo’ldim. Uning gaplari yuragimga og’ir botdi. O’shanda boshlang’ich maktabda edik”, - deydi u.

Oysha Pokistonning Xaybar-Paxtunxva viloyatida poliomiyelitga qarshi dasturga ko’ngilli sifatida yordam berib turadi. So’nggi yillarda mamlakatda falajga uchraganlarning eng ko’pi shu viloyatdan.

Oysha farzandlarini emlashdan bosh tortgan ota-onalar uning holatiga qarab, to’g’ri qaror qabul qiladi degan umidda.

“Agar o’z vaqtida emlantirganimda edi, soppa-sog’ bolardi”, - deydi Oyshaning onasi.

Pokistonda 200 mingdan ortiq ota-ona farzandlarini emlantirishdan bosh tortdi. Ba’zi odamlar nazarida, vaksinatsiya G’arbning musulmonlarni bepusht qilishga qaratilgan fitnasidir.

Afg’onistonda esa salkam ikki million bola emlanmagan.

Xost viloyatida yashovchi Abdulla Nur fitnaga ishonmaydi.

“Agar shunday bo’lganida edi, butun dunyo bo’ylab poliomiyelitga qarshi vaksinani man qilishgan bo’lishardi”, - deydi u.

Fuqarolarning bir qismi hukumatning emlash dasturidan foydalanib, o’z talablarini olg’a surmoqda.

“Qani endi hukumatimiz sog’liqni saqlash bobidagi boshqa muammolarga ham poliomiyelit kabi e’tibor qaratsa”, - deydi balujistonlik Said Muhammad Umar.

Poliomiyelitga dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida barham berilgan, ammo Afg’oniston, Pokiston va Nigeriyada virus hamon xavf solmoqda.